“Buyuk Britaniya oliy ta'lim tizimi bejiz dunyodagi eng yaxshi ta'lim tizimlaridan biri hisoblanmaydi. Ta'lim jarayoni boshlanishi bilanoq talabalar umumiy fanlarga chalg‘imay (ular maktabda o‘tilgan), tanlangan yo‘nalish bo‘yicha bilim olishadi. Shunisi muhimki, oliy ta'lim muassasalari mustaqil ta'lim olishga katta e'tibor qaratadi, shu tariqa ilmiy ish va loyihalarni tayyorlash jarayonida talabaning ma'lumotni topib, tahlil qilish xususiyatlarini kuzatadi. Buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud: Angliya OTMlari kutubxonalari faoliyati juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, barcha ma'lumotlar raqamlashtirilgan va ularni universitetning onlayn akkauntlaridan topish oson. Kembrij universitetining Korpus-Kristi kollejidagi to‘rt yillik ilmiy tadqiqotlardan keyin Kil universiteti (Buyuk Britaniya)da huquqshunoslik fanlari doktori maqomiga ega bo‘ldim. Menda Britaniya OTMlarining maqsadi – talabalarni o‘z g‘oyalari bilan ishlashga ilhomlantirish, ularga o‘z nazariyalaridan uyalmaslikni va o‘z fikrlarini bayon etishni o‘rgatishdan iboratdek taassurot qoldirdi. Bir vaqtlar menga o‘ziga bo‘lgan ishonchni baxsh etgan o‘qituvchilar va men javob berishni o‘rgangan savollar oxir-oqibat mening professor bo‘lishimga va olgan bilimlarimni Moskvada talabalarga o‘rgatishimga sabab bo‘ldi”, - deydi “MGIMO”dagi xalqaro huquq kafedrasi o‘qituvchisi, professor Tip Pote. Forbes Life Britaniya OTMlaridagi eng mashhur yo‘nalishlar  haqidagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.

Oksford universitetida iqtisodchi

Buyuk Britaniyadagi eng qadimiy Oksford universiteti butun dunyoga mashhur, universitet diplomi ko‘plab karera eshiklarini ochadi. Ta'limning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri – iqtisodiyot. Talabalar iqtisodiy nazariya, hisoblash tadqiqotlari usullari, iqtisodiy va texnik usullarni o‘zlashtirishadi. Oksford o‘qituvchilari ulardagi iqtisodiy magistratura bir yillik ta'limi AQShning eng yaxshi universitetlaridagi ikki yillik aspirantura ta'limiga teng ekani haqida gapirishni yaxshi ko‘rishadi. Dasturning o‘ziga xosligi shundaki, u ham ilmiy ishni davom ettirishga, doktorlik ishini yozishga, ham iqtisodiy maydondagi amaliyotchi mutaxassislarga karera qilish uchun birdek mustahkam baza beradi. Ta'limning dastlabki bosqichida talabalar matematika asoslarini o‘rganishadi, keyin mikroiqtisodiyot, makroiqtisodiyot va ekonometrikadan uch majburiy kurs bo‘ladi. Ulardan muvaffaqiyatli o‘tilgach, qo‘shimcha mashg‘ulotlar va seminarlar boshlanadi: xulq-atvor iqtisodiyoti, rivojlanish iqtisodiyoti, mehnat iqtisodiyoti, xalqaro savdo, ijtimoiy iqtisodiyot. Ta'lim yakunida har bir talaba dissertatsiya yozadi, original tadqiqot eng yaxshi diplom ishi mukofotiga da'vogarlik qilishi mumkin.

Foto: Twitter