O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qarorda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish va ushbu sohadagi umume'tirof etilgan xalqaro normalarni implementatsiya qilish sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topildi.

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimiga o‘tkaziladi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi etib qayta nomlanadi.

Belgilanishicha:

Agentlik, shu jumladan, Intellektual mulk sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish o‘quv markazi mavjud shtat birliklari va moddiy-texnik bazasi bilan to‘liq hajmda, moliyalashtirish, mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda o‘tkaziladi;

Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining o‘rinbosari – direktor boshchilik qiladi;

Agentlik direktorining o‘rinbosarlari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

2019 yil 1 martdan shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va tovar kelib chiqqan joy nomini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnomalar topshirilgandan so‘ng, Agentlik bir ish kuni mobaynida ushbu talabnomalar haqidagi ma'lumotlarni o‘zining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;

ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, sotuvchilar yoki ularning vakillari talabnomalar e'lon qilingandan so‘ng Agentlikka ro‘yxatdan o‘tkazish uchun nohalol topshirilgan arizalar haqidagi yozma e'tirozlarini taqdim etishlari mumkin;

tovar belgisiga va xizmat ko‘rsatish belgisiga doir mutlaq huquq, tovar kelib chiqqan joy nomi va (yoki) tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi o‘sha kunning o‘zida tovar belgisi haqidagi ma'lumotlarni Agentlikning rasmiy veb-saytida majburiy tarzda joylashtirgan holda Tovar belgilari davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan boshlab vujudga keladi;

tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi O‘zbekiston Respublikasi hududida so‘nggi uch yil mobaynida uzluksiz ravishda foydalanilmaganda, shuningdek, jamoaviy belgidan foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv buzilgan taqdirda manfaatdor shaxsning arizasiga binoan qabul qilingan sud qarori asosida muddatidan avval to‘liq yoki qisman tugatilishi mumkin.