Rossiya Federatsiyasida ko‘cha tozalovchi bo‘lib ishlovchi va tomdan qor kurayotganida yiqilib vafot etgan fuqarolardan birining qarindoshining Prezidentga murojaati ijtimoiy tarmoqlarda va ayrim ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining konsullik-huquqiy departamentining bildirishi vazirlik rasmiy saytida e'lon qilindi.

«O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 2019 yilning 5 yanvarida mamlakatimiz fuqarosi Otabek Boltayevning Moskva shahridagi fojiali o‘limi va buning ortidan OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab chiqishlar bo‘lgani oqibatida paydo bo‘lgan vaziyatdan xabardor.

Avvalo, marhum vatandoshimizning qarindoshlariga va yaqinlariga chuqur ta'ziyamizni bildirishni xohlar edik.

Shuni ma'lum qilamizki, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Konsullik bo‘limi ma'lumotlariga ko‘ra, marhumning qarindoshi sifatida o‘zini tanishtirgan Bahodir Ahmedov 2019 yilning 9 yanvarida, ya'ni Elchixonaga murojaat qilishidan bir kun avval (O.Boltayev ishlab kelgan) «Jilishchnik Presnenskogo rayona» davlat budjet korxonasi rahbariyatidan transportirovka va dafn uchun 100 ming rubl (1,5 ming AQSh dollariga yaqin) mablag‘ni imzo qo‘yib olgan. Bu holatda ritual xizmatlar va aviatashish xizmati narxi 50 mingdan 100 ming rublgacha miqdorni tashkil etadi.

Bundan tashqari, «Jilishchnik Presnenskogo rayona» davlat budjet korxonasi direktori I.N.Kostin buyrug‘iga ko‘ra, O.Boltayevning rafiqasi — Sh.Boltayeva nomiga B.Ahmedov tomonidan taqdim etilgan bank kartochkasiga 250 ming rubl miqdoridagi birdan to‘lanadigan moddiy yordam o‘tkazib beriladi.

Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 220-, Fuqarolik kodeksining 1084- va 1088-moddalariga binoan, mehnat vazifalarini bajarayotgan chog‘da sog‘ligiga ziyon yetkazilgan shaxslarning ko‘rgan zararlarini qoplash ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.

Shunday qilib, B.Ahmedov Elchixonaga murojaat qilishdan avval O.Boltayevning jasadini jo‘natish uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan va uning moliyaviy qiyinchiliklar borasidagi vajlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.