Yanvar oyi oxirida YouTube orqali O‘zbekiston fuqarosi Rossiyada vafot etgan qarindoshi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan videomurojaati ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bahs va munozaralarga sabab bo‘ldi.
7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bu holat yuzasidan bayonot berdi.
Ushbu maqola orqali videomurojaatga sabab bo‘lgan voqeaning tafsilotlaridan yiroq bo‘lgan holda, bunday holatlarda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan qonun hujjatlarida qanday tartiblar belgilanganiga to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.07.2018 yildagi O‘zbekiston Respublikasining «Tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» PQ-3839-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish Jamg‘armasi tashkil etilgan.
Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zo‘ravonlik, majburiy mehnat va kamsitishdan jabrlangan, mehnat va boshqa huquqlari buzilgan, og‘ir moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, tirikchilik uchun mablag‘siz qolgan fuqarolarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, ularga moddiy yordam ko‘rsatish;
mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda jarohatlanish, baxsiz hodisa sababli tibbiy xizmat ko‘rsatish talab etilgan fuqarolarga, ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar haqini mehnat migranti hisobidan to‘lash imkoniyati bo‘lmagan hollarda to‘langan mablag‘lar ushbu fuqarolar tomonidan keyinchalik qoplab berilishi sharti bilan, tibbiy xizmat ko‘rsatish;
ishga joylashgan davlatning tegishli muassasalari tomonidan tasdiqlangan hollarda respublikadan tashqarida mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini, shuningdek, xorijdagi mehnat faoliyati vaqtida mehnat qobiliyatini yo‘qotishga olib kelgan shikastlanish yoki jiddiy jarohatlangan fuqarolarni olib kelish va boshqa shu kabi amaliy chora-tadbirlarni o‘tkazish Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilangan.














