Ko‘pchilik uchun O‘zbekiston sharoitida muz ustida xokkey sport turi bilan shug‘ullanish noodatiydek tuyulishi mumkindir, biroq yurtimizning o‘z xokkey tarixi bor va uni sevuvchilar uchun kambek amalga oshirildi.

Muz ustida xokkey O‘zbekiston sportida qanday o‘ringa ega va u aholi o‘rtasida futbol, boks kabi ommalasha oladimi? Quyida shu savollarga javob topishga yordam beruvchi ayrim ma'lumotlarga to‘xtalib o‘tamiz.

Tarix

"Spartak" jamoasi

O‘zbekistonda xokkey o‘tgan asrning 70-yillarida shakllana boshlagan. Dastlab 1971 yilda Toshkent shahrida tashkil etilgan «Spartak» klubi yurtimiz hududida xokkey sporti shakllanishi uchun zamin bo‘lgan. Ikki yildan so‘ng «Binokor» nomini olgan ushbu klub o‘yinchilari O‘zbekistonning o‘sha davrdagi terma jamoasi asosini tashkil etgan.

Sharof Rashidov o‘zbekistonlik xokkeychilar bilan

Terma jamoa 1978 yilda qishki Spartakiadada debyut o‘yinini o‘tkazgan va jami 3 marta shu musobaqada qatnashgan. 70-yillarda «Binokor» eng janubiy hududda joylashgan xokkey jamoasi sifatida hatto Ginness rekordlar kitobiga kiritilgan.

Oradan o‘n yil o‘tib esa «Binokor» klubi faoliyati to‘xtatiladi. 20 yildan ko‘proq davom etgan tanaffus 2013 yilda klubning qayta tiklanishi bilan nihoyasiga yetadi.

O‘zbekistonlik xokkey jonbozlarining harakati bilan 2018 yilning 28 martida O‘zbekiston xokkey federatsiyasi tashkil etildi. Uning bosh kotibi sifatida o‘zbekistonlik ilk professional xokkeychi, 1976-1988 yillarda «Binokor» tarkibida shayba surgan Shukrullo Karimov ish boshladi.

Bugun

2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev universal sport saroyi – “Humo” va uning ichida qishki sport turlariga moslangan yangi muz arenasi qurishga topshiriq berdi. Bu issiq va quruq iqlimga ega O‘zbekiston hududida ham muz ustidagi xokkey bilan yilning istalgan vaqtida shug‘ullanish imkonini beradi.