Vazirlar Mahkamasining 6.02.2019 yildagi 103-son qarori bilan paxta xomashyosi yetishtiruvchilarning tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash tartibi tasdiqlandi.
Norma’ning yozishicha, ushbu jarayonga sarflangan umumiy summadan qat'i nazar, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan maydonning har bir gektari uchun Davlat budjetidan bir martalik subsidiya – 8 mln so‘m ajratiladi. Mablag‘lar paxta xomashyosi yetishtiruvchilarning xarajatlarini qoplashga, shu jumladan jalb etilgan kredit bo‘yicha qarzdorliklarini qoplashga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu imtiyoz, shuningdek paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasidan foydalanishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga doir boshqa chora-tadbirlar prezidentning 27.12.2018 yildagi PQ–4087-son qarori bilan tasdiqlangan.
Subsidiya oluvchilarning ro‘yxati qanday shakllantiriladi, qanday hujjatlarni taqdim etish kerak bo‘ladi
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi viloyat hokimliklari bilan birgalikda paxta xomashyosi yetishtiruvchilarning murojaatlarini o‘rganadilar. Har yili 1 aprelga qadar kelgusi yilda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha aniq ro‘yxatni shakllantirib, uni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadilar. Hukumat 1 mayga qadar viloyatlar kesimida parametrlarni tasdiqlaydi va ularni yuqorida ko‘rsatilgan tuzilmalarga ijro uchun yuboradi.
Subsidiya oluvchilar ro‘yxatiga kirish uchun paxta xomashyosi yetishtiruvchilar viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmalariga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari zarur:
• tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha loyiha va «biznes-reja»ning nusxasi;
• tijorat banki bilan tuzilgan kredit shartnomasi hamda kredit ajratilganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
• tomchilatib sug‘orish texnologiyasining butlovchi qismlarini xarid qilish va qurish bo‘yicha pudrat tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalarning nusxasi (agar tomchilatib sug‘orish texnologiyasi o‘z imkoniyatlari bilan qurilgan bo‘lsa, boshqa tegishli hujjatlar taqdim etiladi);
• amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlarning nusxasi;
• tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha yakunlangan ishlarni foydalanishga qabul qilish komissiyasining dalolatnomasi nusxasi. Ushbu komissiya har bir tumanda hokimning qarori bilan tuziladi, tuman qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalari, hokimlik, moliya bo‘limi, elektr tarmoqlari bo‘limi, xizmat ko‘rsatuvchi suv iste'molchilari uyushmasi va boshqa idoralar vakillaridan iborat bo‘ladi.















