Bugun, 11 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida yangi mavsum oldidan Superliga va Pro-liga hakamlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, PFL bosh direktori Omon G‘ofurov, O‘FA Hakamlar va nazoratchilar departamenti boshlig‘i Ma'mur Saidqosimov va boshqa O‘FA mutasaddilari ishtirok etishdi.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

O‘FA rasmiy saytida ma'lum qilinishicha, yig‘ilishda so‘zga chiqqan Umid Ahmadjonov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan hakamlarga barcha sharoitlar yaratib berilayotgani, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda hakamlik saviyasini oshirish, o‘yinlarning xolis va adolatli boshqarilishini ta'minlashdan iborat ekanini aytib o‘tgan.

“Hakamlarimiz saviyasini oshirish uchun O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi tomonidan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hakamlar uchun xorijda o‘quv-mashg‘ulotlar tashkil qildik, ular uchun turli seminarlar o‘tkazmoqdamiz. 

Joriy mavsumdan boshlab boshqargan uchrashuvlari uchun yaxshi baholar olgan hakamlar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan rag‘batlantirib boriladi. Aksincha, qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yadigan hakamlar esa qaytib Superliga o‘yinlariga qo‘yilmaydi, ular Pro-liga musobaqasida hakamlik qilishadi hamda yuqori liga uchrashuvlarini boshqarishga munosib ekanliklarini boshqatdan isbotlashlari kerak bo‘ladi.  

Maqsad – hakamlarimiz o‘yinlarni xolis va adolatli boshqarishsin, turli qing‘irliklardan uzoqroq yurishsin. Hakamlarning harakatlari muntazam ravishda maxsus inspeksiya tomonidan nazorat qilib borilishini ham ta'kidlab o‘tish zarur. Qing‘ir ishlarlarga aralashadigan hakamlar qattiq jazolanadi.  

Foto: O‘FA matbuot xizmati

Uchrashuvlarni boshqarish uchun joylarga borishganida, hakamlarga nisbatan hurmat yuqori bo‘lsin. Hakamlarga chetdan bosim o‘tkazishga hech kimning haqqi yo‘q. Klub rahbarlari, vakillari, kim bo‘lishidan qat'iy nazar, agar hakamlarga bosim o‘tkazishga urinishsa, O‘FA tomonidan jazolanadi. Joriy mavsumdan boshlab hakamlarning o‘yinlarga borish-kelish, mehmonxona xarajatlari barchasi PFL tomonidan qoplab beriladi. Maqsad - hakamlar daxlsiz bo‘lsin. O‘z ishini sidqidildan bajarsin. Faqat O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati hakamlar ishini nazorat qiladi va ularni baholab boradi.