O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 22 oktyabrdagi ​«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni bilan telekommunikatsiya tarmog‘idan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanganlik (2787-modda) uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Ushbu modda nimani anglatadi? Bu internet foydalanuvchisining VPN ilovasidan foydalangani javobgarlikni nazarda tutadimi?

O‘zbekiston Respublikasining ​«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunining 43-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga rasmiy sharh O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan beriladi.

Shu tufayli Jinoyat kodeksining 2787-modda (telekommunikatsiya tarmog‘idan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish)si yuzasidan ilmiy-nazariy tushuntirish uchun Toshkent davlat yuridik universitetiga murojaat qildik.

​«2787-modda ikki qismdan iborat. Mazkur moddaning birinchi qismiga ko‘ra o‘rnatilgan himoya tizimlarini chetlab o‘tgan holda telekommunikatsiya tarmog‘idan foydalanish va xalqaro trafikni o‘tkazish maqsadida telekommunikatsiya tarmog‘idan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish, shuningdek mazkur maqsadlar uchun mo‘ljallangan maxsus dasturiy yoki apparat vositalarini qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) saqlash va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratish eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

1999 yil 20 avgustdagi 822-I-sonli O‘zbekiston Respublikasining ​«Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi qonunda «telekommunikatsiyalar», ​«telekommunikatsiyalar tarmog‘i» tushunchalariga ta'rif berilgan.

Unga muvofiq telekommunikatsiyalar – signallar, belgilar, matnlar, tasvirlar, tovushlar yoki axborotning boshqa turlarini o‘tkazgichli, radio, optik yoki boshqa elektrmagnit tizimlaridan foydalangan holda uzatish, qabul qilish, qayta ishlash; telekommunikatsiyalar tarmog‘i esa – uzatishlarning bir yoki bir necha turini: telefon, telegraf, faksimil turlarini, ma'lumotlar uzatish va hujjatli xabarlarning boshqa turlarini, televizion va radioeshittirish dasturlarini translatsiya qilishni ta'minlovchi telekommunikatsiya vositalarining majmuini anglatadi.