O‘zbekiston | 09:57 / 13.02.2019
9536
2 daqiqa o‘qiladi

Yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikohni taqiqlash masalasining huquqiy asoslari takomillashtiriladi

Vazirlar Mahkamasining “2019 yilda qonun loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Dasturga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF-5635-son farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 166-bandida nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, qonun loyihasida irsiy kasalliklarning oldini olish maqsadida yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikohni taqiqlash masalasining huquqiy asoslarini takomillashtirish va bu borada targ‘ibot ishlarini amalga oshirish nazarda tutiladi.

Qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha mas'ul ijrochilar - Sog‘liqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi, vazirlik va idoralar. Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish muddati - 2019 yil 1 iyul, Qonunchilik palatasiga kiritishning taxminiy muddati - 2019 yil 1 avgust.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid