O‘zbekiston | 18:51 / 14.02.2019
9950
3 daqiqa o‘qiladi

«Endi bolalarning guvohnomasi bor». Kun.uz'da yoritilgan masala ijobiy hal bo‘ldi

9 fevral kuni Kun.uz saytida Toshkent viloyati, Toshkent tumanida istiqomat qiluvchi Zokir Mamarafiqov va uning rafiqasi Gulnora Fayziyeva (u 1984 yili O‘zbekiston hududida tug‘ilgan, sobiq ittifoq tugatilgach, uning yashash joyi Qozog‘iston hududiga to‘g‘ri kelib qolgan va hamon O‘zbekiston fuqaroligini olmagan) oilasida tug‘ilgan bolalar hujjatsiz, tug‘ilganligi to‘g‘risida guvohnomalari yo‘qligi masalasi yoritilgandi. Ayni vaqtga kelib prokuratura aralashuvi bilan masala ijobiy yechim topgan.

Bu material saytda e'lon qilingach, Davlat xizmatlar agentligi munosabat bildirdi, unda FXDYo mudirasi Nargiza Karimova Gulnora Fayziyeva farzandlarining tug‘ilishini qayd etish masalasida shaxsan o‘zi Toshkent tumani FHDYo bo‘limiga murojaat etmaganini ro‘kach qilgandi (uning turmush o‘rtog‘i, bolalarning otasi murojaat qilgan - tahr.).

Keyinroq Davlat xizmatlari agentligi ham mazkur masala yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Agentlik xabarida bolalarning tug‘ilganligini qayd etishga asos bo‘luvchi Xalq ta'limi bo‘limi qoshidagi vasiylik va homiylik organining FHDYo bo‘limiga umuman murojaat etmagani ifoda etilgan. Ammo Kun.uz'da nusxasi mavjud xatda yozilishicha, Toshkent viloyati Toshkent shahar Xalq ta'limi bo‘limi mudiri FHDYo bo‘limiga rasmiy murojaat bilan chiqqan. Xatda bolalarning ota-onasi, farzandlarning shaxsiy ma'lumotlari keltirilib, bolalarga tug‘ilganlik guvohnomasini olishda ko‘mak so‘ralgandi. 

Bugun, 14 fevral kuni esa Zokir Mamarafiqov Kun.uz tahririyati bilan bog‘lanib, 4 nafar farzandining tug‘ilganligi qayd etilgani haqidagi yangilikni bildirdi.

«Va nihoyat farzandlarim tug‘ilganligi rasman qayd etildi. To‘ng‘ichim, 2009 yilda tug‘ilgan farzandim maktabga boradi, eng kichigi esa 2017 yil dunyoga kelgan. Onasining fuqarolik pasporti, shuning ortidan men bilan bo‘lgan nikoh rasmiylashtirilmagani uchun bolalar tug‘ilganlik guvohnomasidan mosuvo edi», – deydi ota. 

Mamarafiqovning aytishicha, Toshkent tuman prokuraturasi xodimlarining faol aralashuvi bilan bolalarning tug‘ilganligi qayd etildi. 

«Rahbar va mutasaddilardan nolimayman, mana – prokuratura yordam berdi», – deya to‘rtta guvohnomani ko‘rsatdi u. 

Otaning xursandchiligiga barchamiz sherikmiz. O‘ylaymizki, barcha tashkilot va idoralar o‘z faoliyatida paydo bo‘layotgan turli masalalar yuzasidan ayni prokuratura xodimlari tanlagan yo‘ldan ketadi: ommaviy axborot vositalari tanqidni ijobiy o‘zgarishlar uchun e'lon qiladi va bundan to‘g‘ri xulosa qilish zarur.

Mavzuga oid