«Qirollik klubi» Amsterdamda g‘alaba qozondi, bu o‘yin YeChL tarixida videotakrordan keyin gol bekor qilingan ilk o‘yin bo‘ldi.

«Ayaks» (Niderlandiya) – «Real» (Ispaniya) – 1:2 (0:0)
Gollar: Benzema, 60 (0:1). Ziyosh, 75 (1:1). Asensio, 87 (1:2).
«Ayaks» (Amsterdam): Onana, Mazraui, de Ligt, Blind, Talyafiko, van de Bek, de Yong, Shene (Dolberg, 73), Ziyosh, Tadich, Neres.
«Real» (Madrid): Kurtua, Karvaxal, Serxio Ramos, Nacho, Regilon, Kazemiru, Kroos, Modrich, Beyl (Vaskes, 61), Benzema (Asensio, 73), Vinisius Junior (Dias, 81).
Ogohlantirishlar: Ziyosh, 53. Regilon, 70. Vaskes, 83. Serxio Ramos, 90.
Hakam: Skomina (Sloveniya).
13 fevral. Amsterdam. «Yoxan Kroyf Arena» stadioni.
Javob o‘yini – 5 mart.

Samimiy qabul
«Real» futbolchilari joylashgan mehmonxonada o‘yindan oldingi tunda bir necha soat davomida amsterdamlik muxlislar salyutlar va feyyerverklar otib, mehmonlarni qutlashdi. «Amsterdamga xush kelibsiz!». Balki, madridliklar «Yohan Kroyf Arena»dagi o‘yinni uyqusirab boshlagani sababi shudir.

«Ayaks» futbolchilari esa birinchi bo‘limda ancha tetik edi - Erik ten Xaag shogirdlari yoshlik shijoati bilan ilk daqiqalardanoq hujumga o‘tishdi. Birinchi bo‘limda yosh va tezkor futbolchilar amaldagi chempionlardan ustun edilar: jahonning eng yaxshi tayanch yarimhimoyachisi sanaladigan Kazemirodan to‘pni olib qo‘yishdi, 2018 yilgi «Oltin to‘p» sohibi Modrichni xatolar qilishga majbur qilishdi, «Real» sardori, Madrid jamoasi safida yubiley - 600-o‘yinni o‘tkazayotgan Serxio Ramosning boshini aylantirib tashlashdi. 

Tadich offsaydda

«Ayaksidlar» ilk 45 daqiqalikda Kurtua darvozasi tomon ko‘p bora xavf solishdi, gol bo‘lishi vaqt masalasi edi: Mazraui uzoq burchakni aniq nishonga ololmadi, Tadichning zarbasi darvoza ustunidan qaytdi, Ziyosh juda qulay vaziyatni ko‘kka sovurdi. Nihoyat, bo‘lim oxiriga yaqinlashganda, 37-daqiqada Talyafiko bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi, futbolchilar golni nishonlashdi, stadion hayqiriqlardan larzaga keldi. Ammo barchasi bekor bo‘ldi.