Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Do‘stlik» mahallasi aholisidan murojaat kelib tushdi.

«Biz Kattaqo‘rg‘on tumani, «Do‘stlik» MFY, Qozoqovul qishlog‘i aholisi yashab turgan uyimiz yaqinidagi chiqindixona tufayli aziyat chekmoqdamiz. Chiqindixona Kattaqo‘rg‘on suv omboriga quyiladigan kirish kanalining chap qirg‘og‘ida joylashgan. Maydoni 31 gektar. Bu yerga to‘kiladigan chiqindilar kanal suvini ifloslantiradi. Shu suvdan suv ombori atrofida yashovchi odamlar iste'mol kilishadi. Shu maydonning bir qismida sun'iy ko‘lda baliq yetishtiriladi. Baliqlarning asosiy ozuqasi ham shu chiqindilar. 2018 yil atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi vakili kelib, chiqindixona boshqa yerga ko‘chirilishini aytgan edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Chiqindixonaga uy hayvonlarining jasadlari ham tashlab ketiladi. Bizning bolalarimiz shu yerdan o‘tib maktabga qatnashadi. Turli kasalliklar tarqalishi xavfi bor», – deyiladi murojaatda.

Ushbu murojaatni joyiga borib o‘rgandik va Kattaqo‘rg‘on shahridagi chiqindi poligonini ko‘zdan kechirdik. Mahalla aholisi bilan suhbatlashib, ularning e'tirozlarini tingladik.

«Chiqindixona yaqinida istiqomat qilamiz. Shamolda hovlimiz chiqindiga to‘ladi. Ayniqsa, yoz kunlarida bu yerning hidiga chidab bo‘lmaydi. Shu atrofdagi aholi shunday holatda yashashga majbur. Bu masaladagi murojaatlarimiz mutasaddilar tomonidan e'tiborsiz qolmoqda», – deydi Gulbahor Qilicheva.

O‘rganishimiz davomida ma'lum bo‘lishicha, chiqindi poligoni Kattaqo‘rg‘on shahar balansida turadi, uning atrofida yashaydigan aholi va hudud Kattaqo‘rg‘on tumaniga qaraydi.

2005 yilgacha chiqindi poligoni joylashgan yer «Qurilish materiallari zavodi» ochiq turdagi hissadorlik jamiyatiga tegishli bo‘lgan. Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining 2005 yil 24 martdagi qarori bilan bu yer maydoni shahar kommunal foydalanish boshqarmasiga berilgan va chiqindi poligoni tashkil etilgan.

Chiqindi poligonini ko‘zdan kechirganimizda, haqiqatan holat achinarli ekanligiga guvoh bo‘ldik. 32 gektarga yaqin hududni egallagan chiqindixona sanitariya me'yor va talablariga umuman javob bermaydi. Chiqindixonaga aholi yashaydigan uylar shundoqqina yonida joylashgan. Baland to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Shamolda aholi xonadonlari chiqindilarga to‘ladi. Qishloq ko‘chalari ham shamol uchirgan va to‘kilgan chiqindilarga to‘lgan. Chiqindi poligoni yaqinida Kattaqo‘rg‘on suv omborining kirish kanali oqib o‘tadi. Shamolda kanaldagi suv ham chiqindilardan «benasib» qolmaydi.