Sport | 18:35 / 15.02.2019
23607
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: «Nesterovning chetlatilishida tushunmovchilik yuzaga kelgan»

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston terma jamoasi va Saudiya Arabistonining «Uhud» klubi darvozaboni Ignatiy Nesterov taqiqlangan moddani iste'mol qilmagan, deb xabar beradi Kun.uz manbasi.

Avvalroq, Goal SA nashri Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Nesterovni Osiyo Kubogida taqiqlangan moddani iste'mol qilganlikda gumonlab, futboldan chetlatgani haqida xabar bergan edi.

«Nesterov Osiyo Kubogida shamollab qolgan edi. O‘sha paytda qandaydir dorilarni iste'mol qilgan shekilli. Shu tufayli, tushunmovchilik yuzaga kelgan. Hozirgi vaqtda shifokorlar bu holat yuzasidan OFK bilan bog‘lanib, tushuntirish berishyapti. Tez orada hamma narsaga oydinlik kiritilsa kerak», - dedi vaziyatdan xabardor bo‘lgan manba.

Qayd qilish joizki, OFK saytida Nesterovning doping tahlili ijobiy natija bergani va uning futboldan chetlatilgani haqida hech qanday rasmiy xabar yo‘q.

Ammo «Uhud» klubi Nesterov futboldan chetlatilganini ro‘kach qilib, uning o‘rniga boshqa darvozabonni ro‘yxatdan o‘tkazishni so‘rab, Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasiga rasman murojaat qilgan. 

Shu paytga qadar Nesterov «Uhud» tarkibida 2 marta maydonga tushdi va har ikkala o‘yinda jamoasi g‘alaba qozondi. So‘nggi turdan o‘rin olgan «At-Ta'vun» klubiga qarshi bahsda esa qaydnomaga kiritilmadi.

Mavzuga oid