Samarqand viloyat hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2019 yil 6 fevraldagi topshiriqlari ijrosini ta'minlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Mazkur topshiriqda bir hafta muddatda o‘tkazilgan xatlov natijalarini Madaniyat va Qurilish vazirliklarining qo‘shma majlisida muhokama qilib, Samarqand shahrining tarixiy markazidagi jami 159ta obektda aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni tuzish hamda Samarqand viloyati hokimligida viloyat hokimi rahbarligida shtab tashkil etish belgilangan.

Qayd etib o‘tish lozimki, 2018 yilda Bosh prokuratura tomonidan Vazirlar Mahkamasi, Qurilish, Madaniyat vazirliklari va Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda Samarqand shahrining tarixiy markazida yangi qurilgan bino-inshootlar xatlovdan o‘tkazilgan.

O‘rganish natijasida 2015-2018 yillarda jami 159ta (75ta turar, 84ta noturar) obektlar shaharsozlik normalariga to‘liq rioya etilmasdan noqonuniy qurilgani aniqlangan.

Jumladan:

·       34ta obektning yer ajratish yoki qurilishga ruxsat berishga oid tegishli hokim qarorlari chiqarilmagan;

·       73ta obektning loyihalariga ekspertiza xulosalari olinmagan;

·       102ta obektga shaharsozlik kengashining xulosalari olinmagan;

·       120ta obekt Madaniyat vazirligi va 59tasi «ToshboshplanLITI» DUK bilan kelishilmagan.

Respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganish natijasida qurilish normalariga rioya qilmaganliklari uchun 132 nafar shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilgan, shahar hokimining 56ta qaroriga protest keltirilgan, bitta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, noqonuniy qurilgan obektlarni buzish haqida sudlarga 12ta da'vo arizasi kiritilgan.

Shuningdek, mazkur 159ta obektning 18tasi respublika miqyosida, 141tasi viloyat miqyosida hal etilishi bo‘yicha xulosa tuzilgan.

Mazkur obektlarni bartaraf etish yuzasidan Respublika vazirlik va idoralari tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqish boshlandi.