O‘zbekiston san'at arbobi, taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bugungi jamiyat, o‘zbek kinosan'ati va kinosanoati to‘g‘risidagi fikrlarini aytib o‘tdi.

Rejissyor 2017 yil 3 avgustida prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston ijodkor ziyolilari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvga uni chaqirishmagani to‘g‘risida so‘zlaydi: «Prezidentimiz bilan ijodkorlar uchrashuvi bo‘lgandi. Meni aytishmagan. Bilishardiki, men shartta turib prezidentimizga o‘zimni tashvishlantirayotgan savollarni berardim. Maddohlik qilmasdim. Unaqa odatim yo‘q. Umuman biror marta rahbariyatga dardimizni yetkazish... Umrim «O‘zbekfilm»da o‘tdi.
Lekin bularning bari kim tomonidan qilinayotganini bilaman. Qo‘ldan kelganicha yaqinlashtirmaslik yoki bir narsa deb yubormasin, sirimizni ochib tashlamasin deb qo‘rqishadi, chunki qo‘limdan maddohlik kelmaydi».
Suhbat davomida Zulfiqor Musoqov respublika tuman va qishloqlarida kinoteatrlar qolmaganini afsus bilan tilga oldi: «O‘zbekistondagi kinoteatrlarning yarmi vayronaga aylantirilgan. Yarmi har xil restoranlarga sotib yuborilgan. 32 million odam aholi borligi holda kinoteatrlar soni juda kam. Masalan, men ko‘p davlatlarda bo‘lganman. Alohida hasham bilan jihozlanmagan, mayli katta bo‘lmasin, kichkina-kichkina, chiroyli teatrlar ko‘p. Shaharchalarda 10-12ta kinoteatr bor. Bizda esa poytaxtning o‘zida kinoteatr yetishmaydi-ku? Qishloqlarda, tuman markazlarida kinoteatrlar yo‘q.
Prezidentimizning o‘zi: «Kino sohasi yoshlarimizni tarbiyalashda Mudofaa vazirligi bilan teng. Xalqning ongini, didini pastga tushirib, zaharlaydigan filmlar bo‘lmaydi» degandi. Afsuski, oradan deyarli ikki yil o‘tdi, lekin bari o‘sha-o‘sha. Amalda esa, ko‘pincha, o‘sha bevosita shu narsaga mas'ul, javobgar odamlar uning teskarisini qilishyapti.
Shaxsan men uchun, Kinochilar uyining buzilishi katta fojia bo‘ldi. «Abdullajon»dan boshlab, («Berlin-Oqqo‘rg‘on»dan boshqa - tahr.) hamma filmlarim premerasi Kinochilar uyida o‘tgan. Shunday mustahkam, MDHdagi eng chiroyli Kinochilar uyini bir oy buzishdi-ku!?
Umidvorman, ishonchim bor, prezident «Men sizlarga yangi Kinochilar uyi qurib beraman» deb aytgan. Bilmadim...».
Rejissyor o‘tgan asrning 90-yillari boshidan O‘zbekistondagi oddiy aholining turmushi, dard-tashvishlaridan hikoya qiluvchi qator filmlarni suratga olgan. Ular orasida o‘zbekistonlik yoshlarning katta qismi sevib tomosha qiladigan «Osmondagi bolalar», «Osmondagi bolalar-2» filmlari ham bor.













