Mirziyoyev gidroponika usulidagi issiqxonalarni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi
Davlat rahbari Xovos tumanidagi “Gran ruta de la seda” korxonasining gidroponika usulidagi issiqxonasini ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Xovos tumanining yeri sho‘r, ekinlardan yuqori hosil olish qiyin. Shu bois bu yerda gidroponika usulida issiqxonalar barpo etilmoqda. Bunday issiqxonalar suvni tejashi, hosildorligi bilan ajralib turadi.
Mutaxassislarning fikricha, oddiy usulda yetishtirilayotgan pomidor ko‘chatlaridan 3 kilogramm hosil olinsa, gidroponika usulida hosildorlik 12 kilogrammni tashkil etadi. Ekinlarning pishib yetilishi 25-30 kunga qisqaradi.
Mazkur issiqxonalarda Gollandiyadan serhosil pomidor va bodring navlari keltirib, ekilgan. Ayni paytda bu mahsulotlar gidroponika usulida yetishtirilmoqda. Bu yerdagi barcha jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan.
Gidroponika usulidagi issiqxonada Koreya Respublikasidan zamonaviy jihozlar keltirib o‘rnatildi. Issiqxonadagi harorat, o‘simlikning suv va ozuqaga talabi chuqur tahlil orqali aniqlanadi. Turli minerallar bilan boyitilgan suv tomchilatish usulida o‘simlik ildiziga yetkaziladi.
Dastlab 2017 yilda 1 gektar maydonda issiqxona qurilib, 18 ta yangi ish o‘rni yaratildi, 1,5 milliard so‘mlik pomidor yetishtirildi. 2018-2019 yillarda yana 9 gektar issiqxona ishga tushirildi. Ish o‘rinlari 120 taga yetdi.
Umumiy maydoni o‘n gektar bo‘lgan issiqxonada yiliga 1 ming 500 tonna pomidor yetishtiriladi. Shuningdek, 2 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Korxona tomonidan joriy yilning uchinchi choragida yana 10 gektar issiqxonani ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada 1,5 ming tonna mahsulot ishlab chiqariladi, 100 ish o‘rni yaratiladi, deyiladi xabarda.
Shavkat Mirziyoyev bunday issiqxonalarni kengaytirish, mahsulot yetishtirish uchun zarur materiallarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Xovosga borgani, tuman yangi markazi bunyod etilishi xabar qilingandi.
Mavzuga oid
18:31 / 23.09.2024
Qozog‘iston va O‘zbekiston Sirdaryoda 10 ta gidropost tashkil qiladi
08:00 / 13.09.2024
Sirdaryoda 2 yoshli bog‘cha bolasi vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
16:00 / 07.09.2024
Sirdaryo, Navoiy va Toshkent viloyatida “prava” olib berishni va’da qilganlar ushlandi
08:10 / 06.09.2024