O‘zbekiston | 18:15 / 20.02.2019
12171
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro – Gazli va Qarshi – Shahrisabz yo‘llari to‘liq sementobeton qilib qayta quriladi

Bugun, 20 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi press-hollida «O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari qurilishi: yutuq va muammolar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Nazarov Buxoro–Gazli va Qarshi–Shahrisabz yo‘llari bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Gazli – Xorazm yo‘li to‘liq sementobeton qilib qurilganidan ko‘pchilikning xabari bor. Bu yo‘l qurilgunga qadar ko‘plab e'tirozlar bo‘lgandi. Haydovchi va yo‘lovchilarni ham tushunish mumkin, yo‘l uzoq, chang-to‘zon, tez harakatlanib bo‘lmaydi. Ammo yo‘lning bu qismi bitkazilganidan keyin hammasi unut bo‘ldi. Hozir bu ravon yo‘ldan harakatlanish hammaga huzur bag‘ishlaydi.

Ammo yo‘lning Buxoro va Gazli oralig‘i eskicha qolib ketgan. Biz bu yo‘lni ham sementobeton usulda qayta quramiz. Avval bir tomoni ikki polosali qilinadi, keyin ikkinchi tomoni bitkaziladi. Shuningdek Qarshi – Shahrisabz yo‘li ham shunday qilib qayta quriladi.

Qamchiq dovonidagi bunday yo‘llarimiz bitkazildi, bugungi kunda foydalanuvchilar minnatdor bo‘lishyapti. Qolgan kichik qismlar ham tez orada bitkaziladi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid