O‘zbekiston | 14:30 / 20.02.2019
11105
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi barcha ko‘priklar xatlovdan o‘tkazilmoqda – Transport vazirligi huzuridagi inspeksiya

20 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi press-hollida «O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari qurilishi: yutuq va muammolar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutasaddilari ishtirok etdi.

Kun.uz muxbiri ishtirok etgan anjuman davomida respublika bo‘yicha ko‘priklar ahvoli, xususan Xorazm viloyatida o‘pirilib tushgan ko‘prik mavzusi ko‘tarildi.

Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ko‘priklarni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Xayrulla Boybo‘latov holatga izoh berib shunday dedi:

– Hozirgi kunda Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tasarrufida 7000dan ortiq ko‘priklar mavjud. Shuningdek, ichki yo‘llarda bir vaqtlar Qishloq va suv xo‘jaligi tomonidan, yoki turli tashkilotlar, aholi tomonidan qurilgan kichik ko‘priklardan ham foydalanib kelinmoqda. Ularning aniq soni bo‘yicha ma'lumot mavjud emas. Aniq ma'lumotni shakllantirish, har bir ko‘prik holatini o‘rganish, diagnostikasini o‘tkazish va hujjatlashtirish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan. Dastlabki bosqichda barcha o‘rganish ishlari amalga oshiriladi, keyin zarur mablag‘ miqdori aniqlanib, bosqichma-bosqich ta'mirlashaga kirishiladi. Aytishim mumkinki, bu juda katta mablag‘ talab qiladi. Aniq raqam va muddatni hozircha ayta olmayman.

Endi nega bu ko‘priklar yaroqsiz holatga tushayotgani bo‘yicha savollarga kelsak, aslida ko‘priklarning foydalanish muddati bo‘yicha aniq me'yor yo‘q. Hammasi qayerda va qay tarzda foydalanilishiga bog‘liq. Qaysidir joyning tabiati tezroq yaroqsiz holga keltirsa, qayerdadir yirik avtomobillar uzluksiz o‘tib turishi ta'sir qiladi. Bu ko‘priklar qurilgan paytda yirik yuk mashinalarining yuk tashish quvvati 8-10 tonna bo‘lgan. Hozir esa 20-25 tonnalik mashinalardan foydalanyapmiz. Ham ko‘prik eskirishi, ham og‘ir yuk mashinalari bir bo‘lib, shunday holatlar yuzaga kelyapti.

Unga Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Nazarov qo‘shimcha qildi:

– Xorazmdagi holatni darhol joyiga chiqib o‘rgandik va Urganch–Cholish yo‘lining 10 kilometridagi kanalga qurilgan ko‘prik bilan birga viloyatdagi jami 15ta ko‘prikni kapital ta'mirlashga kirishdik. Yil oxiriga qadar yana 20ta ko‘prik ta'mirlanishi mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 1 noyabr kuni Xorazm viloyatida jiddiy texnogen avariya yuz bergan, Urganch–Cholish yo‘lining 10 kilometridagi ko‘prik juda eskirib ketgani sababli, yuk avtomobili og‘irligini ko‘tarolmay, qulab tushgan edi. Avariyada jabrlanganlar bo‘lmagan, ammo viloyatni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa hududlar bilan bog‘lab turuvchi asosiy yo‘l ma'lum muddatga yopilib qolgandi.

Mavzuga oid