Jahon | 15:40 / 20.02.2019
31441
3 daqiqa o‘qiladi

«Xalqda pul yo‘q, Medvedev esa binoyiday chidamoqda» – Rossiya Dumasi deputati keskin chiqish qildi

Rossiya Dumasining Yoqutistondan saylangan deputati Fedot Tumusov Rossiya monopoliyaga qarshi kurash xizmatining mahsulotlar narxi oshishi haqidagi sovuqqon murojaatidan so‘ng keskin fikrlarini bildirdi. «Spravedlivaya Rossiya» partiyasidan saylangan deputatning fikricha, iste'mol mahsulotlarining qimmatlashuvi normal holat emas.

Oldinroq Rossiya monopoliyaga qarshi kurash xizmati rahbarining o‘rinbosari Andrey Tsiganov o‘tgan yil davomida mamlakatda go‘sht narxi 10 foizga, tuxum narxi 26 foizga oshgani borasidagi savolga g‘alati javob bergandi: «Mahsulotlar narxi oshishi kerak, aks holda ishlab chiqaruvchilar kerakli miqdorda foyda ololmaydilar. Iste'molchilar mahsulot narxlari oshmasa, ishlab chiqarish rivojlanmasligini tushunishlari kerak». Bunday bepisandlik bilan aytilgan gaplar turgan gapki, keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi.

«Monopoliyaga qarshi kurash xizmati mavjud raqobat mahsulotlar narxining pasayishiga xizmat qilishini nazorat qilishi kerak»,- deydi sobiq mehnat vaziri Oksana Dmitriyeva «Komsomolskaya pravda» gazetasi muxbiri bilan suhbatda.

Yoqutistonlik deputat Fedot Tumusov ham narxlar oshishiga keskin munosabat bildirdi.

Foto: Fedot Tumusov

«Antimonopoliyachilarning aytishicha, importni cheklash tabiiy tarzda mahsulotlar narxi oshishiga olib keladi. Emishki, fuqarolar bundan xursand bo‘lishlari kerak. Odamlar avval chetdan keladigan arzon mahsulotlarni iste'mol qilishayotgandi, endi esa mahsulotlar narxi qimmat bo‘lsa ham ular o‘zimizdan chiqayotganiga xursand bo‘lishimiz kerak ekan.

Janob Tsiganovning aytishicha, narxlar oshmasa, iqtisod rivojlanmaydi, shu sabab go‘sht narxi 25,9 foiz, tuxum narxi 9,7 foiz oshayotgan ekan. Importni cheklashdan maqsadimiz nima edi? Mahalliy mahsulotlar importning o‘rnini bosishi bilan birga narx ham tushishi kerak edi-ku, to‘g‘rimi? Lekin bugun teskarisi bo‘lmoqda. Aytinglarchi, bunaqa importni cheklashning nima keragi bor?

Bundan kelib chiqadiki, importni cheklashdan xalq emas, agrar sohadagi bir nechta oligarxlar manfaatdor, xolos. Xususan, samolyotda «Agrar lobbi uchun» deb qadah ko‘taruvchi sobiq vazir (qishloq xo‘jalik vaziri) Tkachyov va oxirgi yillarda «kutilmaganda» rivojlanib ketgan «Miratorg» xoldingiga begona bo‘lmagan bosh vazir Medvedev. Do‘stlar, haqiqat shuki, xalqda pul yo‘q, Medvedev esa binoyiday chidamoqda...», deb so‘zlarini yakunlagan Tumusov.

Ta'kidlash o‘rinliki, deputat «Medvedev binoyiday chidamoqda», deb bosh vazirning mashhur iborasiga ishora qildi. 2016 yil bahorida Dmitriy Medvedevning Qrimdagi nafaqasini ololmayotgan insonlarga qarata «Pul yo‘q, lekin siz chidang», degan gapi mashhur bo‘lib ketgandi.

 

Mavzuga oid