Stenford universitetidagi Anesteziologiya va og‘riq tadqiqotlari instituti inson his qilishi mumkin bo‘lgan eng kuchli og‘riq turlari reytingini tuzishdi. Reytingga ko‘ra, uch shoxli nervning yallig‘lanishi eng kuchli og‘riq berar ekan. Bu og‘riqni his qilganlar uni 10 balli shkaladan 10 ballga baholashgan. Ayollarning aytishicha, bu og‘riq tug‘uruq vaqtidagi og‘riqdan ham kuchliroqdir.

Kun.uz «Sog‘lom hayot» loyihasi orqali aynan uch shoxli nerv nevralgiyasi haqida tajribali mutaxassis bilan birgalikda foydali ma'lumotlar berib o‘tadi.

Endi bemorlar og‘riqsiz tabassum qilishi, gapirishi va ovqatlanishi mumkin.

Uch shoxli nerv nevralgiyasining klinik namoyon bo‘lish belgilari

Ko‘p hollarda uch shoxli nerv nevralgiyasi tish og‘rig‘i singari namoyon bo‘ladi. Dastavval bemor tish og‘ridan shikoyat qilib stomatologlarga murojaat qiladi, vrach og‘iz bo‘shlig‘ini tekshiruvdan o‘tkazadi, lekin og‘riq davom etadi. Ayrim hollarda bemorning qistovi bilan sog‘lom tishlar ham olib tashlanadi.

Shunga qaramay og‘riq boshqa tishlarda paydo bo‘ladi. Og‘riq chidab bo‘lmas darajaga yetadi, bu xuddi bemorning yuz qismiga elektr toki urgandek namoyon bo‘ladi. Tishlarni tozalash, ovqatlanish, sovuq havo va hatto gaplashish ham og‘riqni qo‘zg‘atib yuboradi.

Bemor og‘riqlardan qo‘rqib qoladi, "og‘rig‘im boshlanib qoladimi?",- deb doim qo‘rqib turadi. Og‘riq qattiq bo‘lgan vaqtlarda bemor yuzining og‘riq bo‘layotgan qismini qattiq bosishga, og‘riqni pasaytirishga harakat qiladi.

Ba'zan yuzdagi og‘riqlarga og‘iz bo‘shlig‘i va tildagi og‘riqlar ham qo‘shiladi. Ko‘pincha bemorlar ketma-ket bir nechta sog‘lom tishlarini ham oldirib yuborishadi va shundan so‘ng nevrapatolog qabuliga kelishadi.

Uch shoxli nerv nevralgiyasini davolash

I. Konservativ uslubda davolash:

Uch shoxli nerv nevralgiyasini davolashning konservativ bosqichida asosan antikonvulsantlar qabul qilinadi: karbamazepin (finlipsin, karbaleks). Davolashning keyingi bosqichlarida gabapentin (gabagamma, tebantin) yoki pregabalin (lirika) kabi dori vositalari qo‘llaniladi. Lekin vaqt o‘tishi bilan ushbu dori vositalari ham og‘riqni yetarli miqdorda pasaytira olmay qoladi. Bunday holatlarda bemor jarrohlik yo‘li orqali davolanadi.