Kun.uz mushtariysi, tadbirkor Shukurulla Fayzullayev yangi soliq tizimi haqidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Quyida uning maqolasini e'tiboringizga havola qilamiz.

O‘zbekiston iqtisodiyotida yangi soliq tizimi joriy etilganiga ham mana salkam ikki oy bo‘ldi. Kimdir: «Xulosa qilishga hali erta, loaqal birinchi chorak tugasin», deyishi mumkin. Lekin xulosalarni qanchalik tez qilsak, yo‘l qo‘yilgan xatolarni qanchalik tez tuzatsak, o‘zimizga shuncha yaxshi bo‘ladi.

Quyida men faqat o‘z tadbirkorlik tajribamdan kelib chiqib, ayrim fikrlarni aytib o‘tmoqchiman.

Yangi soliq konsepsiyasining asosiy prinsiplaridan biri — tadbirkorlarga teng sharoitlar yaratish, o‘sha davrda mavjud bo‘lgan parallel soliq tizimlarini umumiylashtirish, turli imtiyozlarni bekor qilish, hamma uchun bir xil bo‘lgan sharoitda erkin raqobatni rivojlantirish edi. Lekin amalda qanday bo‘lmoqda? Hali yangi soliq tizimi kiritilmasdanoq 8 turdagi mahsulotlar, shu jumladan iqtisodiyotda alohida muhim o‘rin tutgan shakar ishlab chiqaruvchilar qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lashdan ozod qilindi. Ko‘p o‘tmay bu ro‘yxatga sut va sut mahsulotlari ham kiritildi. Bu ro‘yxatni yanada kengaytirish haqida takliflar berildi. Demak, QQS to‘lovchisi bo‘lgan tadbirkor o‘z faoliyatida ushbu mahsulotlardan foydalanayotgan bo‘lsa, QQSdan ozod etilgan xomashyo hisobiga o‘zi to‘laydigan QQS miqdori oshib ketdi. Ya'ni, QQSdan ozod etilgan korxona o‘rniga QQSni uning mahsulotidan foydalangan boshqa bir tadbirkor to‘lashiga to‘g‘ri keldi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda, yanglishmasam 14ta erkin iqtisodiy zona tashkil qilinganki, u yerdagi korxona va tashkilotlar bir qator soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarga ega. Bular ham iqtisodiyotga ta'sir qilmasdan qolmaydi.

O‘ylashimcha, hamma uchun teng sharoitlar prinsipi buzilyapti, bunday holat ko‘pchilik tadbirkorlarga qiyinchilik tug‘dirmoqda, soliq bosimi ortishiga olib kelmoqda.

Kun.uz saytida Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning «1 iyulga qadar imtiyozlar bekor qilinadi», degan sarlavha bilan berilgan intervyusini o‘qidim. 1 iyuldan imtiyozlar bekor qilinishiga ochig‘i ishonmadim. Bekor qilinadi ham deylik, nega ularni darhol, yangi soliq tizimi kiritilayotgandayoq bekor qilmadik? Aksincha, yangi imtiyozlarni kiritdik? Nega bunday qo‘shimchalar va o‘zgarishlar ro‘y bermoqda, nega huquqiy maydonda «tebranish» mavjud?

Fikrimcha, yangi soliq tizimi mustahkam huquqiy baza asosiga qurilishi, yangi Soliq kodeksi va yangi Fuqarolik kodeksi qabul qilinganidan so‘ng amalga kiritilishi kerak edi. Turli imtiyozlar turli sabablar bilan kiritilgan, bir qarashda hammasida mantiq bor. Lekin, fikrimcha, ulardan darhol voz kechmasak milliy iqtisodiyotimiz rivojlanishi qiyinlashadi.