22 fevralda Kolumbiyaning Medelin shahrida 1993 yilda politsiya bilan otishmada o‘ldirilgan narkobaron Pablo Eskobar o‘z oilasi bilan yashagan, “Monako” nomi bilan ma'lum bo‘lgan uy buzib tashlandi.

8 qavatli uy nazorat qilinuvchi portlatish yordamida buzib tashlangan. Uy o‘rnida narkomafiya qurbonlari xotirasiga yodgorlik majmuasi barpo etishga va'da qilingan. Bino shahar g‘arbidagi El-Poblado deb nomlangan nufuzli tumanda joylashgan bo‘lgan. Eskobar bu uyni 1988 yilda unga suiqasd uyushtirilgandan keyin tark etgan.

2018 yil sentyabrda shahar ma'muriyati Eskobarga bag‘ishlangan uy-muzeyni yopishga qaror qilgandi. Muzey Eskobarning akasi tomonidan boshqarilgan.

Pablo Eskobar XX asrning eng ashaddiy jinoyatchilaridan biri sifatida tarixga kirgan. Eskobar haqidagi ko‘plab kitoblar, Medelindagi u bilan bog‘liq sayyohlik turlari sababli shaharning ba'zi odamlari narkobaronning hayoti qahramonlashtirilishi va afsonaga aylantirilishidan xavotir bildirishgan.

O‘tgan hafta Eskobar ermak uchun ko‘p yillar avval o‘z yer mulkida boqqan 3 tonnalik begemotlar ko‘payib ketgani va katta hudud bo‘ylab tarqalib ketgani ma'lum qilingan. Ekologlar ushbu jonzotlarni mahaliy aholi va tabiat uchun xavfli deb hisoblashmoqda. O‘tgan yillar davomida ularning soni 4 tadan 50 tagacha ko‘paygan.

Eskobarning hayvonat bog‘ida begemotlardan tashqari, karkidon, fil va jirafalar kabi yuzlab ekzotik hayvonlar saqlangan.