O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 fevral kuni mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda muhim bo‘lgan g‘alla parvarishini tizimli tashkil etish va hosilga-hosil qo‘shish bo‘yicha amalga oshiriladigan dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Ma'lumki, 2018 yilda ob-havo o‘ta issiq va quruq kelganiga, janubiy viloyatlarda suv tanqis bo‘lganiga qaramay fermerlarimizning fidokorona mehnatlari tufayli har gektardan o‘rtacha 45 sentnerdan hosil olinib, jami 5 million 200 ming tonnadan ortiq g‘alla yetishtirildi.

Bu yil esa yog‘ingarchilik miqdori o‘tgan yilga nisbatan ikki marta, avvalgi yillarga qiyosan 1,3 barobar yuqori bo‘lmoqda. Tollimarjon suv omborida 1 milliard kub metr, Chimqo‘rg‘on, Pachkamar va boshqa suv omborlarida o‘tgan yilga nisbatan 2-3 barobar ko‘p suv yig‘ildi, Sardoba suv ombori ishga tushirildi. Bu mamlakatimizda g‘alladan o‘tgan yilga nisbatan ancha ko‘p hosil olish mumkinligini anglatadi.

Fermerlarni rag‘batlantirish uchun 2019 yilda bug‘doyning har bir tonnasi uchun 1 million 200 ming so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 1,6 barobar yuqori xarid narxi belgilandi.

Katta hosil olgan fermerlarni davlat xarid narxiga 25 foizgacha, ya'ni har bir tonna don uchun 300 ming so‘mgacha ustama qo‘llashni nazarda tutadigan rag‘batlantirish tizimi tashkil qilindi. Bu esa mo‘l hosil yetishtirishga katta zamin yaratadi. 

Yana bir muhim jihat – azotli, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar o‘z vaqtida joylarga yetkazib berildi. Bir so‘z bilan aytganda, bu yilgi sharoitdan foydalanib, hosildorlikni va don yetishtirish hajmini o‘tgan yilga nisbatan kamida 30 foizga oshirish uchun barcha sharoit yaratildi.

Lekin, shuncha imkoniyatlarga qaramay, o‘rganishlar natijalari ayrim viloyatlarda g‘alla rivoji qoniqarsiz ekanini ko‘rsatmoqda. Masalan, Qashqadaryo viloyatining Mirishkor, Qarshi, G‘uzor, Chiroqchi va Koson tumanlari, Samarqand viloyatining Bulung‘ur, Jomboy, Pastdarg‘om tumanlari, Jizzax viloyatining Do‘stlik, Sharof Rashidov, Zafarobod tumanlari, Sirdaryo viloyatining Xovos, Oqoltin va Guliston tumanlarida g‘alla o‘sishdan ortda qolmoqda. Toshkent viloyatida ham g‘alla ekish ishlari kechiktirib yuborilgan.

Yig‘ilishda yo‘l qo‘yilgan bu kabi holatlar har bir hudud misolida tanqidiy tahlil qilinib, kamchiliklarni bartaraf etish, hosildorlikni oshirib, qo‘shimcha don ishlab chiqarishni ta'minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish lozimligi qayd etildi.

Bu yil g‘allachilik uchun o‘ta qulay kelayotgani ta'kidlanib, hosildorlikni oshirish, xalqimizning oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha bir qator topshiriqlar berildi.