O‘zbekiston | 15:55 / 26.02.2019
7448
3 daqiqa o‘qiladi

Ma'naviyat va ma'rifat markazi so‘z ustalariga ssenariy tuzishda taklif bildirdi 

Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan qiziqchilik san'ati ustalarining ommaviy tadbirlardagi chiqishlariga tayyorlanish, ssenariyni tuzishda hamkorlik qilish taklif etildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

26 fevral kuni Toshkentdagi «Turkiston» saroyining majlislar zalida «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan «Badiiy so‘z san'ati va sahna mas'uliyati» mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Suhbatda qiziqchi va so‘z ustalarining ijodida kuzatilayotgan kamchilik va qusurlarni bartaraf etish, oldini olish va tartibga solish kabi muhim masalalar muhokama etildi. Tadbirda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi vakili so‘z ustalari bilan hamkorlik qilish taklifini bildirdi. 

«Ssenariyni birgalikda tuzaylik, siz uni jonlantiring. Hali bu masalani yana norasmiy, erkin  ijodiy muhitda muhokama qilamiz», – deydi markazning Madaniyat va san'at tashkilotlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Rajab Rajabov.

Avvalroq, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Alisher Qodirov ko‘p shov-shuv va muhokamalarga sabab bo‘lgan Toshkentda konsert bergan ayrim g‘arb musiqa ijrochilari, TV efiriga uzatilgan «Bravo» guruhining konsert dasturi bo‘yicha mulohazalarini bildirgandi.

«Afsuski, O‘zbekiston Respublikasi amalda bo‘lgan qonunchilik normalariga ko‘ra, shunday lavhalarning efirga uzatilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning ayrim bandlariga o‘zgartish kiritish ehtiyoji paydo bo‘ladi», – degandi u.

Alisher Qodirovning aytishicha, «Bravo» guruhining konsert dasturi bo‘yicha Markazga bir nechta murojaat bo‘lgan. 

«Lekin amaldagi qonunchilikka asosan, biz ularning faoliyatini taqiqlash vakolatiga ega emasmiz. Tegishli vakolatga ega tashkilotlar esa vakolati doirasida harakatlarini yetarlicha asoslab berishga imkon topmayapti. Chunki bu – tadbirkorlik faoliyati. Nafaqat TV, balki barcha turdagi OAV, erkin bosma nashrlar bilan hamkorlikda ishlab, ommaviy madaniyatning salbiy ta'sirlaridan jamiyatni asrash bo‘yicha ishlar tashkil etiladi. 

Bu – senzura emas.  Bizga yot bo‘lgan masalalarning kirib kelishiga nafaqat ayrim tashkilotlar, balki jamoatchilik kuchni birlashtirib harakat qilishi lozim», – degan Qodirov.

YouTube

Tas-IX

Mavzuga oid