O‘zbekiston | 18:49 / 23.07.2024
6819
4 daqiqa o‘qiladi

Sayt va mobil ilovaga 1,2 mlrd so‘m sarflayotgan markazga nisbatan ish qo‘zg‘atildi – Raqobat qo‘mitasi

Ma’naviyat va ma’rifat markazi “qadriyatim.uz”, “tanlov.manaviyat.uz” saytlari va mobil ilovalarini yaratish uchun 1,2 mlrd so‘m sarflashi muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Raqobat qo‘mitasi ijrochi sifatida “United IT Company” MChJni tanlab olishda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun buzilganining alomatlarini aniqladi. Bu kompaniya ko‘plab katta tenderlarda g‘olib bo‘lib keladi.

Foto: Getty Images

Avvalroq Kun.uz Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “qadriyatim.uz” portali va interaktiv mobil ilovasi hamda “tanlov.manaviyat.uz” sayti va mobil ilovasini yaratish uchun umumiy hisobda 1 mlrd 204 mln 400 ming so‘m sarflashni reja qilgani haqida yozgandi.

Raqobat qo‘mitasi bu borada IT-kompaniyani tanlab olish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov savdolarini o‘rganib chiqdi.

Qo‘mitaning bildirishicha, o‘rganishda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 29-moddasi talablariga rioya qilinmagani alomatlari aniqlanib, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.

Ish belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi, natijasi haqida qo‘shimcha axborot taqdim etiladi, deyiladi rasmiy xabarda.

Ma’lumot uchun, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasida savdolarda raqobatni cheklashga qarshi talablar nazarda tutilgan. Unda savdolarda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan bir qator harakatlar taqiqlangan. Ularning qatorida savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda ishtirok etish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan axborotdan foydalanish orqali imtiyozli shart-sharoitlar yaratish hamda savdolarda talabning o‘zgarishiga, narxlarning sun’iy ravishda oshirilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yolg‘on, asossiz ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanishiga oid talablar bor.

Eslatib o‘tamiz, “Qadriyatim.uz” sayti va mobil ilovasida O‘zbekistonning milliy urf-odatlari, marosimlari, bayramlari, turli xil qadriyatlari haqidagi ma’lumotlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan. “Tanlov.manaviyat.uz” sayti va mobil ilovasi esa yutuqli o‘yin va viktorinalar o‘tkazishga mo‘ljallangan.

Bu ikki platformani ishlab chiqish uchun o‘tkazilgan tenderda 3 ta kompaniya ishtirok etgan va yakunda “United IT company” MChJ g‘olib bo‘lgan. Bu kompaniya bundan oldin ham davlat tashkilotlari tomonidan o‘tkazilgan qator katta tenderlarda g‘olib bo‘lgan.

  • 2022 yilning noyabr oyida ayni paytda mavjud bo‘lmagan Kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash agentligi “Onlayn mahalla” axborot tizimini yaratish uchun 8,4 mlrd so‘m (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 755 ming dollar) sarflayotgani va istisno tariqasida tender o‘tkazmasdan shartnoma tuzgani jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgandi. 2023 yilning sentabr oyida esa madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov davlat mukofotlarini olgan san’atkorlar haqidagi portalni yaratish uchun budjetdan salkam 500 mln so‘m mablag‘ ajratish haqida buyruq chiqargandi.
  • 2024 yilning birinchi yarmida davlat budjeti defitsiti 34 trln so‘mdan oshdi. Bu – bir yil oldingi ko‘rsatkichdan qariyb 27 foizga ko‘p.

Mavzuga oid