Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev hukmron «Nur Otan» partiyasining XVIII qurultoyida so‘zlagan nutqining to‘liq matni e'lon qilindi. Bu haqda Tengrinews xabar qilmoqda.

Qurultoyda Nazarboyev yangi zamon yangicha chaqiriqlarga chorlayotgani, atrofdagi dunyo esa tobora permanent turbulentlikka sho‘ng‘ib borayotganini qayd etgan.

«Bu kelajak oldida umidsizlik va qo‘rquvga tushish uchun sabab bo‘la olmaydi aslo. Har qanday krizislar keskin o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi, lekin shu vaqtning o‘zida o‘sish uchun muhit yaratadi va yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Muhimi — rivojlanishning to‘g‘ri yo‘nalishini belgilab olib, oldinga qo‘yilgan maqsadlar yo‘lida butun jamoatchilikni birlashtira olish», — dedi Nursulton Nazarboyev.

«Biz rivojlanish uchun mablag‘larni tejamasdan, yordamga muhtoj qatlamga ko‘mak berishimiz kerak. Hukumat bu maqsadlarga ajratilayotgan mablag‘larni to‘g‘ri tasarruf etishi kerak. Ijtimoiy siyosat muvozanatlashtirilgan bo‘lishi va boqimandalik kayfiyati hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak», — dedi Nazarboyev

Qozog‘iston prezidenti davlatning bosh maqsadi odamlarga ish berishi ekanligini ta'kidlab o‘tdi. Davlat yordami esa alohida ko‘makka muhtoj shaxslarga berilishi va manzilli bo‘lishi kerak.

«Men o‘zim shaxsan ajratilayotgan barcha mablag‘lar har bir oilaga, muayyan insonga yetib borishini nazorat qilaman! Mening topshirig‘imga ko‘ra partiya bugun xalqimizni ayniqsa tashvishga solayotgan muammolarning tahlilini o‘tkazdi. Ularning orasida bolalar uchun nafaqa puli miqdorini oshirish, ko‘p farzandli oilalarning sharoitini yaxshilash, uy-joy bilan ta'minlash, ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilish», — dedi Nazarboyev.

Ko‘p farzandli oilalarga maoshni oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlash

Nazarboyevning fikricha, partiya uch yo‘nalish bo‘yicha ijtimoiy siyosat olib boradi. Bu aholining kam ta'minlangan qatlamlari daromadlarini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlash, daromadi past bo‘lgan fuqarolarning uy-joy masalalarini hal qilish hamda ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalarini yaxshilash, hududlarni kompleks rivojlantirish.

«Bugun Qozog‘iston oilalarining turmush sharoitini yaxshilashimiz kerak. Bu sog‘liqni saqlash, ta'lim, ijtimoiy himoya, madaniyat, sport, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda mehnat qilayotgan 1 milliondan ortiq fuqarolar degani. 2019 yilning 1 iyulidan budjet sohasining kam maosh to‘lanuvchi xodimlarining oylik ish haqini 30 foizga, rayon va oblast darajasida bevosita fuqarolar bilan ishlayotgan quyi tabaqadagi xodimlarning maoshini esa o‘rtacha 25 foizga oshirishni buyuraman.