Kattaqo‘rg‘on shahridagi «Nurafshon» mahallasi aholisi Kun.uz tahririyatiga bir necha muammo yuzasidan murojaat qildi.
Murojaatda yozilishicha, mahalla aholisini tabiiy gaz yo‘qligi, elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar, ichimlik suvi, mahallaga yaqin joylashgan bozordan chiqayotgan chiqindilar, zovurlarga suv to‘planishi kabi muammolar qiynab kelmoqda.
Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida «Nurafshon» mahallasida bo‘ldik va aholining yuqoridagi masalalar bo‘yicha e'tirozlarini tingladik.

«Mahallamizdan «Siplon» arig‘i oqib o‘tgan. Shu ariqqa suv to‘plangandan keyin uylarga zaxi uradi. Beton poydevor va devorlar ko‘chib tushyapti. Yerlar sho‘rlanganidan tomorqamizda hech narsa unmaydi. Ko‘chalarimiz abgor. Elektr toki kuniga o‘n ikki soatlab o‘chadi. Ichimlik suvini 3-4 kilometr naridan olib kelamiz. Tabiiy gaz yo‘q. Sotib olinayotgan ko‘mir esa sifatsiz. Mahalla aholisi shunday muammolardan qiynalib yashamoqda. Qolaversa, mahalla yaqinidagi bozordan chiqqan chiqindilar zovur yaqiniga to‘kiladi. Uning hidiga chidab bo‘lmaydi. Yozning issiq kunlarida chiqindilar tufayli pashsha-yu chivinlardan ham ozor ko‘ramiz. Shahar markazida joylashgan mahalladagi ahvolni ko‘rib turibsiz», – deydi mahallaning bir guruh faollari biz bilan suhbatda.
Aholi e'tirozlari asosida ushbu holatlarni ko‘zdan kechirdik. Mahalla yaqinidan oqib o‘tgan «Siplon» arig‘ida qazish ishlari boshlangan bo‘lsa-da, ayni vaqtda ishlar to‘xtab qolgan. Ayrim fuqarolar tomonidan ariq ko‘priklar va noqonuniy qurilishlar o‘zboshimchalik bilan qurib olingan. Buning natijasida ariqqa suv to‘planib, uylarga ziyon yetkazmoqda. Beton fundament va devorlar ko‘chib tushayotganini ko‘rish mumkin. Sho‘rlangan yer tufayli haqiqatan ham tomorqaga biror narsa ekilmagan.




O‘rganish jarayonida mahallaga yetib kelgan Kattaqo‘rg‘on shahri hokimining qurilish ishlariga mas'ul o‘rinbosari Davron Rahmonov va boshqa tegishli tashkilotlar mutasaddilaridan mavjud muammolar yuzasidan izoh so‘radik.
«Ko‘rib turganingizdek, ushbu ariqni kengaytirish maqsadida qazish ishlari boshlangan edi. Ammo fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda qurib olingan qurilishlar va ko‘priklar tufayli to‘xtab qoldi. Aholiga tushuntirishlarimiz naf bermayapti. Endi belgilangan tartibda qonuniy choralar ko‘ramiz», – deydi D.Rahmonov.





















