O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Chortoq tumanida barpo etilayotgan «Chortoq resors» sanatoriy-sog‘lomlashtirish markazi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning har bir hududning xususiyati va imkoniyatidan kelib chiqib, yangi korxonalar tashkil etish, ish o‘rinlari yaratishga oid topshirig‘iga asosan kompleks ishlar amalga oshirilmoqda.

«Chortoq resors» sanatoriysi qurilayotgan adirlik ham yaqin-yaqingacha qarovsiz joy edi. Mahalliy tadbirkor va xorijiy investorlarning jami 25 million dollarlik sarmoyasi evaziga bugun bu yerda 15 gektardan ziyod maydonda zamonaviy oromgoh bunyod etilmoqda.

Bu viloyatda tibbiyot turizmi hamda ekoturizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi. Sanatoriyning yod, brom, tabiiy radon va boshqa minerallarga boy shifobaxsh suvi tayanch-harakatlanish a'zolari, yurak-qon tomir va asab tizimlari, endokrinologik va teri kasalliklarini davolashda yaxshi samara beradi. Oromgoh 230 o‘rinli bo‘ladi. 250 kishi ish bilan ta'minlanadi.

Markazga ushbu ixtisosliklar bo‘yicha eng malakali shifokorlarni jalb etish, shartnoma asosida germaniyalik mutaxassislar ishtirokida tibbiy ko‘riklar tashkil etish rejalashtirilgan.

Hozirda davolash va yotoq binolari, oilaviy dam oluvchilar uchun kottejlar, standart va lyuks xonalar bo‘ladigan mehmonxona barpo etilgan. Hovli va yo‘laklarni yoritish uchun quyosh panellari o‘rnatilgan.

Yana bir e'tiborli jihati, oromgohda ippoterapiya yo‘lga qo‘yiladi. Bu tayanch-harakat a'zolari va kichik tos kasalliklarini davolashga yordam beradi. Shu maqsadda hozirda otxona, ochiq va yopiq manejlar qurilmoqda.

Shuningdek, soy suvidan samarali foydalanib, baliq yetishtirish maqsadida to‘rtta hovuz barpo etilgan. Ularda sanatoriy oshxonasi uchun baliq boqish bilan birga dam oluvchilarning baliq tutib, hordiq chiqarishi uchun ham sharoit yaratiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentimiz ushbu sog‘lomlashtirish markazida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Chortoqda yana ko‘plab sanatoriylar tashkil etish, ularni arzon, o‘rta va qimmat tarzda tasniflash orqali aholining barcha qatlamlarini qamrab olish, raqobatni ta'minlash orqali xizmat narxini tushirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.