O‘zbekiston | 07:55 / 02.03.2019
42856
2 daqiqa o‘qiladi

Hukumatning elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibi bo‘yicha qaroriga o‘zgartirishlar kiritildi

Foto: Shutterstock/ELN

Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hukumat qaroriga o‘zgartirishlar (182-son, 28.02.2019 y.) kiritildi.

Adliya vazirligi telegram kanalida yozilishicha, kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, elektr energiyasi shartnomada ko‘rsatilganidan 5 foizdan ko‘p iste'mol qilinganda, ortiq iste'mol qilingan elektr energiyasi uchun belgilangan tarifning 1,15 baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Ilgari, bir yarim baravari miqdorida undirilgan.

Shuningdek, iste'molchilarga elektr energiyasi va gaz yetkazib berish iste'molchilar tomonidan murojaat qilinganida 50 foizlik oldindan haq to‘lash asosida ham amalga oshiriladi. Bunda, hisob-kitobni 50 foiz oldindan haq to‘laydigan iste'molchilar hisob-kitob amalga oshiriladigan davrni ko‘rsatib 5 kun oldin Byuroga murojaat qilishlari lozim.

Ilgari, faqat 100 foizlik oldindan haq to‘langanida yetkazib berilgan.

Oldindan haq to‘lanmagan, 50 foizlik haq to‘laydigan iste'molchilar tomonidan oy oxirigacha yakuniy haq to‘lanmaganda, mazkur iste'molchilarga nisbatan elektr va gazdan to‘liq uzishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi. 

Elektr energiyasi uchun amaldagi tariflar o‘zgargan taqdirda iste'molchilar avans tariqasida to‘langan to‘lov kunidan boshlab keyingi 2 oydan ortiq bo‘lmagan muddatda, maishiy iste'molchilar esa – keyingi 6 oydan ortiq bo‘lmagan muddatda qo‘shimcha to‘lov to‘lashdan ozod etiladi. Ilgari bu muddat 12 oyni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq elektr energiyasi bo‘yicha qarz uchun penya hisoblanishi xabar qilingandi.

Mavzuga oid