O‘zbekiston | 18:07 / 02.03.2019
7897
2 daqiqa o‘qiladi

«Maktablar markazlashgan suv va issiqlik ta'minotiga ulanmagan». Senator​ Xalq ta'limi vazirligini sustkashlikda aybladi

Qashqadaryo viloyatida umumta'lim maktablarining 20 foizdan ko‘prog‘i rekonstruksiya va kapital ta'mirga muhtoj. Ularning 76 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan, 40 foizi markazlashgan issiqlik energiyasi bilan ta'minlanmagan. Bu haqda senator Tolib Madumarov ma'lum qilgan. 

Tolib Madumarov

«Xalq ta'limi vazirligi tomonidan yetarli e'tibor va tashabbus ko‘rsatilmayotgani oqibatida umumta'lim maktablarida 12 mingta parta, 840 ta o‘qituvchi stoli, 1 700 ga yaqin kitob javoni yetishmaydi», — deydi u.

Madumarovning aytishicha, ​​viloyatda 164 ta fizika, 164 ta kimyo, 184 ta biologiya, 184 ta chet tili va informatika, 324 ta mehnat o‘quv-laboratoriya jihozlariga ehtiyoj mavjud.

​«Bunday holatning yuzaga kelishiga umumta'lim maktablari ehtiyojlari uchun jihozlar, vazirlikda markazlashgan tizimi saqlanib qolayotgani, ta'minotdagi muammolarning uzil-kesil bartaraf etilmasligi sabab bo‘lmoqda. 

Vaholanki, birgina Qashqadaryo viloyatining o‘zida markazlashgan tarzda yetkazib beriladigan jihozlardan ko‘ra sifatli va arzon mahsulotlarni ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘lgan ko‘plab tadbirkorlik sub'yektlari mavjud», — deya masalaga oydinlik kiritgan u.​

Viloyatda bolalarni maktabgacha ta'limga qamrab olish holati ham qoniqarli emas. 

Ma'lum qilinishicha, 3-7 yoshdagi 275 ming boladan 68,6 ming nafari yoki 25 foizi (to‘rtdan biri) maktabgacha ta'limga qamrab olingan, xolos.

Tolib Madumarov

«Mavjud 360 ta davlat maktabgacha ta'lim muassasasining 67 foizdan ko‘prog‘i markazlashgan ichimlik suvi, 60 foizga yaqini isssiqlik tizimlariga ulanmagan, 185 ta maktabgacha ta'lim muassasasi qo‘lbola (burjoyka) pechlarda isitilmoqda», — deya ta'kidlagan senator. 

​Avvalroq, senator Madumarov viloyatdagi mavjud ichki xo‘jaliklararo avtomobil yo‘llarining 75 foizi ta'mirtalab ahvoldaligini ma'lum qilgandi.​

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid