Kun.uz tahririyatiga Samarqanddan Qashqadaryo viloyatiga kirib borilganida Xo‘jaobod aholi punktidan viloyat markazi Qarshi shahriga eltuvchi 4R87 avtomobil yo‘lining ahvolidan shikoyat bildirilgan murojaatlar bo‘ldi.


48 km yo‘lning Qarshidan Toshkent tomon chiqaverishdagi qariyb 10 km qismi ikki yilcha muqaddam zamonaviy qilib mukammal ta'mirlangan va asfalt yotqizilgan.

Uzunligi 48 km bo‘lgan mazkur yo‘l bundan 20 yilcha muqaddam to‘g‘ri chiziq qilinib, kapital ta'mirlangan edi. Uning ayrim joylari butunlay boshqatdan barpo etilgan, hanuzgacha eski yo‘lga ko‘zingiz tushishi mumkin.
Yangi barpo etilgan yo‘lning ahvoli yomonligidan, ayrim avtomobillar o‘sha 20 yil muqaddam yopilgan yo‘ldan yurishmoqda.

Lekin yillar o‘tib, faqat joriy ta'mir qilib kelingan mazkur asosiy yo‘lning ahvoli bugungi kunda havas qiladigan darajada emas.




Qolgan 38 km yo‘lning aksariyat qismi yorilib ketgan. Ayrim joylarida asfalt qoplamasi ko‘chib ketgan.



Qashqadaryoning Qarshi shahri, Qarshi tumani, Nishon, Koson, Mirishkor, Muborak kabi tumanlari aholisi poytaxt va boshqa viloyatlarga yo‘l olishi uchun qir-adirlar o‘rtasidan solingan mana shu yo‘ldan yurishadi. Bu ularga katta qiyinchilik keltirib chiqarmoqda. Yo‘llardagi chuqurlar mashinalar shinasi yorilishiga sabab bo‘lmoqda.


















