Iqtisodiy barqarorlikka erishish minglab tadbirkorlar, mansabdor shaxslar va ishchi-xizmatchilarning zahmatli mehnatlari evaziga barpo etiladi. Bu mehnatlarning eng og‘ir yuki tadbirkorlar gardaniga tushadi. Bir tadbirkorga nisbatan qilingan nohaqlik shunday faoliyatni boshlash ishtiyoqida turgan yuzlab kishilarning niyatining so‘nishiga sabab bo‘ladi.

Andijonlik tadbirkor Hoshimjon Norxo‘jayev ham haqiqat qaror topishi uchun qattiq chiranmoqda. Bu chiranish 23 yildirki so‘ngani yo‘q. Uning muammosi matbuotda va televideniyeda yoritilgan. Bu tadbirkor bizga ham murojaat qildi. Bu murojaat tadbirkorning 300 ming dollarga teng mulki olib qo‘yilishi haqida.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Amaldorlar qalbaki order tayyorlashdi»

«Mustaqillikning dastlabki yillarida Rossiyadan jihozlar olib kelib, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘ldim. Sovetlar paytida bizni savdogar, chayqovchi deyishardi. Mustaqillikdan keyin tadbirkorlikka e'tibor berish menga juda qo‘l keldi. Eski rossiyalik tanishlarimdan sarmoya olib keldim. Boshida ishlarim yaxshi yurishdi. 300 ming AQSh dollariga teng mablag‘ga ikkita muzqaymoq sexi olib keldim. 1994-95 yillarda yaxshigina daromad qildim. Ishim ancha ko‘zga tashlandi. Mendan nafaqat Namangan, Farg‘ona, balki Samarqanddan ham kelib muzqaymoq olib ketishar edi. Tadbirkorligimni yana ham kengaytiraman deb niyat qilgandim. 1000 bosh qoramol sotib olib, sutni ham o‘zimizda yo‘lga qo‘yaman degandim. 1995 yil 1 yanvarda zavodni olib keltirdim ham. Yozda qurib bitkazdik. Barcha ishlarni kredit olmasdan bajardim. 300 ming dollarni rossiyaliklardan, 150 ming dollarni o‘zimizdagi sarmoyadorlardan oldim.

O‘sha vaqtlari Qobiljon Obidov degan viloyat hokimimiz bor edi. 1995 yil 25 sentyabrda u kishining o‘g‘li, viloyat MXX boshlig‘i va boshqa amaldorlar, xususan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti vakillari kelishib qalbaki order tayyorlashgan ekan. Shu hujjat asosida meni seximdan haydab chiqarishdi. Hech qanday sud qarorisiz. Qilgan ishlaring noqonuniy deb olib ketishdi. Bu ishlarning hammasi o‘sha vaqtda matbuotda chop etilgan», deydi murojaatchi.