Ispaniya Kubogidagi fiaskodan 3 kun o‘tib «Real» yana «Santyago Bernabeu»da «Barselona»ga mag‘lub bo‘lib (0:1), chempionlik uchun umidini yo‘qotdi.

«Real» - «Barselona» - 0:1 (0:1)
Gol: Rakitich, 26.
«Real»: Kurtua, Karvaxal, Varan, Serxio Ramos, Regilon, Modrich, Kazemiru (Isko, 76), Kroos (Valverde, 55), Beyl (Asensio, 61), Benzema, Vinisius Junior.
«Barselona»: ter Shtegen, Serji Roberto, Langle, Pike, Jordi Alba, Rakitich, Buskets (Semedu, 90+2), Artur (Vidal, 71), Messi, Suares, Dembele (Koutinyu, 78).
Ogohlantirishlar: Buskets, 2. Serxio Ramos, 61. Langle, 63. Asensio, 82. Karvaxal, 89. 
Hakam: Undiano Malenko.
2 mart. Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni.

Valverdening taktikasi
«Real»da Kubok bahsidagi alamli mag‘lubiyatni unutish uchun atigi 3 kun bor edi. O‘tgan haftadagi o‘yinda Suares madridliklarning yangi yulduzi Vinisiusga vaziyatlardan qanday foydalanish bo‘yicha mahorat darsi o‘tib bergandi. Yosh braziliyalik o‘yin davomida kataloniyaliklarning himoyachilarini aldab yurgan va darvoza tomon 6 marta zarba yo‘llagan, lekin birorta gol urolmagandi. Urugvaylik futbolchi esa ikki gol urib, uchinchi gol urilishiga sababchi bo‘lgan, «Qirollik klubi» darvozasiga urgan gollari sonini 11taga yetkazgandi.

Suaresning samaradorligi kataloniyaliklarning ruhini ko‘tardi va jamoa navbatdagi muvaffaqiyat uchun tayyorlandi. Shanba kungi o‘yin tarixiy o‘yinga aylanishi kutilayotgandi: shu vaqtgacha o‘tkazilgan klasikolarda teng ko‘rsatkich qayd etilayotgandi: chorshanba oqshomidagi o‘yindan keyin «Real» va «Barsa» klasikolardagi g‘alabalar soni bo‘yicha bir xil natija ko‘rsatib turgandi - 95:95. Bu borada yana oldinga chiqib olish uchun Santyago Solari Vaskes o‘rniga Beylni tushirish bilangina cheklandi. Shuningdek, kubok o‘yinlarida maydonga tushiriladigan Navas o‘rnini chempionat o‘yinida Tibo Kurtua egalladi. Valverde esa ko‘proq o‘zgarish qildi va klassik sxemaga qaytdi: 4-3-3. Serji Roberto himoyada o‘tgan o‘yinda Vinisiusga qarshi hech narsa qila olmagan Samedu o‘rnini egalladi, maydon markazi Artur hisobiga kuchaytirildi.

Messining omadsizligi va Rakitichning goli
Lekin o‘yin boshidayoq kataloniyaliklarning yarimhimoyasi xatoga yo‘l qo‘ydi va xatoni to‘g‘rilash uchun Buskets Kroosni yiqitishga majbur bo‘ldi, bu esa tarixiy ogohlantirishga olib keldi. O‘yin hakami Undiano Malenko klasikolarda o‘zining 13-sariq kartochkasini ko‘rsatdi. Belgilangan jarima zarbasini esa Beyl ko‘ngildagidek ijro etolmadi.