«Ayaks» Chempionlar ligasining nimchorak finali doirasida javob uchrashuvida Madridda «Real»ni 4:1 hisobida mag‘lub etdi va ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra (5:3) chorak finalga chiqdi.

Quyida «ayaksidlar»ning asosiy qahramonlari haqida keltiriladi.

Dushan Tadich, 30 yosh

Qachondir Tadich shunday degandi: «Serbiyada mag‘lubiyat - o‘limga teng baholanadi». «Bernabeu»dagi o‘yinda bir gol urib, 2 golga uzatma bergan futbolchi o‘tgan mavsumda «Sauthempton» bilan APLda jon saqlash uchun kurashgandi. Inglizlar uni yozda «Ayaks»ga sotib yuborishdi -  hadeb o‘laverish shunchaki Tadichning joniga tekkandi.

Joriy mavsumda Tadich yana porlamoqda: Erediviziyada 16 gol, Chempionlar ligasida esa 9 gol va 6 golli uzatma (saralash o‘yinlari ham hisobga olinganda). «Bernabeu»da Tadich «Real»ni xo‘rladi, nafaqat golli uzatmalari bilan, balki ikkinchi gol urilgan hujum vaqtidagi «marselcha ruletka»si bilan. Madridda Zidanning finti - haddan tashqari bezbetlik va haddan tashqari jasurlik edi.

Frenki de Yong, 21 yosh

Qishda ushbu markaziy yarimhimoyachi «Barselona» bilan shartnoma imzoladi, u yozda Kataloniyaga ko‘chib keladi. «Real»ga qarshi javob o‘yinidan avval esa OAVda undan shunday iqtibos tarqaldi: «Men «Barselona» bilan shartnoma imzolaganimda, bu klub vakillari mendan «Real»ni Chempionlar ligasidan chiqarib berishni so‘rashgandi».

Tvitterda shunday hazil qilishmoqda: de Yong hali «Barselona» safida maydonga tushmay turib, klub afsonasiga aylandi.