Yaqinda O‘zbekistonning eng yaxshi olimlari va universitetlarini taqdirlashga bag‘ishlangan ScopusAwards marosimi bo‘lib o‘tdi.  Bu O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishdagi birinchi tadbir hisoblanadi. G‘oliblar Elsevier ilmiy jurnallarida chop etilgan maqolalar bo‘yicha saralanadi. Kun.uz o‘zbekistonlik olimlar va universitetlar vakillarining xalqaro reytinglardan o‘rin olish uchun bilishlari kerak bo‘lgan ma'lumotlardan xabardorligini oshirish maqsadida Elsevier’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Aliya Ospanova bilan intervyu tashkillashtirdi. 

- Suhbatimiz avvvalida o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun Elsevier o‘zi nima ekaniga oid izoh berib o‘tsangiz.

- Elsevier bugungi kunda dunyodagi eng katta ilmiy kompaniya hisoblanadi. Kompaniyamizning asosiy maqsadi butun jahonda ilm-fanni rivojlantirishdir. Elsevier 1880 yilda tashkil topgan va o‘sha davrdan to 2019 yilga qadar bizning jurnallarimiz eng ko‘p o‘qiluvchi va eng ko‘p havola beriluvchi ilmiy jurnallar hisoblanadi. Ular dunyo miqyosida eng yuqori impakt-omil (ilmiy jurnalning mohiyat ko‘rsatkichi)ga ega, ya'ni boshqacha aytadigan bo‘lsak, masalan, O‘zbekiston olimlarining bizning jurnallarimizda chop etiluvchi maqolalariga o‘rtacha 9-11 marta havola beriladi, bu esa juda yuqori ko‘rsatkichdir.

Hozir O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan mamlakatdagi barcha universitetlarga Elsevier jihozlaridan foydalanish, barcha jurnallarimiz va ilmiy maqolalarimizni bepul yuklab olish, shuningdek jurnallarimizda maqolalarni chop etish imkoni taqdim etilmoqda. Bu, masalan, andijonlik olim maqolasining Stenford olimi bilan bir jurnalda chop etilishi, Harvard olimiga esa Farg‘ona olimining maqolalarini o‘qishi uchun imkoniyatdir. Mening fikrimcha, bu barcha chegaralarni yo‘q qiluvchi va O‘zbekiston ilm-faniga jahon maydoniga chiqishga yordam beruvchi ajoyib imkoniyat hisoblanadi.

Foto: Elsevier’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Aliya Ospanova

- Shu o‘rinda Scopus reytinglar koeffitsiyenti qanday hisoblanishiga oydinlik kiritsak. Bunday jarayonlarni hali yaxshi tushunmaydigan yosh olimlarimiz xalqaro reytinglardan qanday o‘rin olishi mumkin?

- Scopus – dunyoning eng nufuzli ilmiy-tahlil reyting platformasi bo‘lib, u ilmiy maqolalar mualliflari, olimlar reytingi, jurnallar, tashkilotlar, mamlakatlar reytinglarini tuzish imkonini beradi. Ulardan qanday o‘rin olish mumkinligi haqida gapiradigan bo‘lsak, bajarilishi kerak bo‘lgan asosiy vazifa – ilmiy maqola yozish. Reytingda o‘sish uchun mazkur ilmiy maqolaga havola berilishi kerak (qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi), olimlar o‘z ma'ruzalarida uni tilga olishlari kerak. Bu ushbu maqolaga havola berilishi uning ilmiy hamjamiyat uchun haqiqatda muhim ekanini bildiradi. Reytinglarimiz shu tarzda tuziladi.