O‘zbekiston | 18:51 / 27.02.2019
3689
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi jahonning yetakchi xalqaro reyting agentligi bilan hamkorlik bitimini imzoladi

Bugun, 27 fevral kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi «Ilm-fan – 2020» milliy rivojlanish dasturi doirasida Times Higher Education xalqaro reyting agentligi va Elsevier kompaniyasi bilan uch yilga mo‘ljallangan hamkorlik bitimini imzoladi.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

Bitimga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Times Higher Education xalqaro reyting agentligi bilan yurtimizdagi oliy ta'lim muassasalarining jahon ilm-fani olamidagi mavqeini mustahkamlash, ta'lim bozorida raqobatbardoshligini oshirish, qolaversa, dunyoning yetakchi ilmiy-ta'lim markazlari, nufuzli universitetlarning xalqaro reytingiga mahalliy universitetlarni kiritish yo‘lida birgalikda harakat qiladi.

Kelishuv doirasida vazirlik respublikadagi eng yaxshi universitetlar rektorlari va prorektorlaridan iborat Times Higher Education ekspertlari bilan birgalikda ishlaydigan ishchi guruhni shakllantiradi. Mazkur ishchi guruh a'zolari noyob ma'lumotlar va tahlillardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar hamda rivojlanishning ustuvor vazifalari va institutsional  strategiyasini ishlab chiqishda Times Higher Educationning doimiy ko‘magidan foydalanishadi. Ushbu bitim xorijiy ilmiy-ta'lim markazlari bilan yanada faolroq hamkorlik qilish imkonini beradi.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

Shuningdek, bir paytning o‘zida vazirlik jahonga mashhur Elsevier nashriyot uyi bilan SciVal axborot-tahliliy portali ma'lumotlaridan foydalanish bo‘yicha Bitim imzoladi. Mazkur kelishuv respublika oliy ta'lim muassasalariga nufuzli xalqaro ilmiy axborotlar manbasidan foydalanish, ilmiy tadqiqotlar sohasida samaradorlikni oshirish pirovardida universitetlarning xalqaro global reytingiga kirish imkonini beradi.  

Mavzuga oid