«PSJ» hamda «Manchester Yunayted» o‘yini taqdirini 90+2-daqiqada belgilangan penalti hal qilganini ko‘rdingiz. Muxlislar «PSJ» darvozasiga belgilangan o‘sha penaltini keng muhokama qilishdi. Kimdir penalti bor edi deyapti, kimdir esa himoyachining qo‘li tabiiy holatda bo‘lganini aytmoqda. Bu borada hakamlar nima deydi?

Saudiya Arabistoni ligasida hakamlik korpusini boshqaruvchi angliyalik mashhur hakam Mark Klattenburg «Daily Mail» nashridagi kolonkasida ushbu vaziyat bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Damir Skomina o‘sha vaziyatda penalti berib, xato qildi deyish to‘g‘ri emas. Chunki hakam UYeFAning yangi qoidalariga ko‘ra to‘g‘ri qaror qabul qildi. Masalan, men Premer-Liga o‘yinlarida bu holat uchun penalti bermagan bo‘lardim. Chunki Kimpembe qo‘li bilan ataylab o‘ynagani yo‘q. Biroq penalti Chempionlar Ligasi o‘yinida belgilandi.

UYeFA qo‘l tanaga yopishib turmagan har qanday holatda ehtiyotsizlik uchun penalti berilishini talab qilmoqda. Rasmiylarning qarorlarini hurmat qilish kerak. Hakam vaziyatni sekinlashtirgan lavhada ko‘rganini ham unutmaslik kerak. Futbolchi teskari qaragan vaqtda qo‘lini nazorat qila olmaydi, lekin yana takrorlayman, hakam UYeFAning yangi talablariga ko‘ra qaror chiqargan», deydi Klattenburg.

«CBS Spors» nashri jurnalisti Rojyer Gonsales Jahon chempionati finalini boshqargan hakam bilan bu borada gaplashganini yozdi. U hakamning kim ekanini aytmagan, lekin gap katta ehtimol bilan 2010 yilgi mundial finalini boshqargan Hovard Uebb haqida ketmoqda. Xullas, o‘sha «sirli» hakamning fikricha, «PSJ» darvozasiga penalti haqli tarzda belgilangan:

«Siz o‘yin oxirida bunday holat uchun penalti berilishi kerakmi deyapsiz, lekin hakam vaziyat qachon sodir bo‘lganiga e'tibor bermasligi kerak. 1-daqiqami, 90-daqiqami, buning farqi yo‘q. Penalti haqida gapiradigan bo‘lsam, bu yerda hakam shubhasiz to‘g‘ri qaror qabul qildi».

Angliyada jurnalist va ekspertlar katta o‘yinlardan keyin undagi vaziyatlarni atroflicha muhokama qilishadi. Albionda eng mashhur futbol eksperti Gari Lineker ekanini bilasiz. Lineker «BT» telekanalidagi o‘yindan keyingi shouga Rio Ferdinand, Mayl Ouen kabi futbolchilar va bir necha hakamni taklif qildi. Keling, ularning ham fikrlariga quloq tutsak.