Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi Nuriston shahrida istiqomat qiluvchi Husan Ahmedovdan tahririyatimizga quyidagi mazmunda murojaat kelib tushdi:
«Men Ahmedov Husan, Nuriston shaharchasida yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini ko‘rsatib, kompyuter o‘yinlari xizmatlarini taqdim etib kelmoqdaman.
Murojaatim shundan iboratki, men 2016 yilda kassa apparatim yo‘qligi sababli soliqchilar tomonidan EKIHning 11 baravari miqdorida jarimaga tortilgandim. Jarimani to‘lab, kassa apparatni o‘rnatib, hozirgacha qonuniy ishlab kelyapman.
2018 yilda soliqchilar bir necha marta oldimga kelib, «sen har bir kompyutering uchun EKIHning 1 baravari miqdorida soliq to‘lashing kerak, yana tortmangdagi pul bilan kassa apparatdagi pullar bir xil bo‘lsin», deb kelishganda, men ularga «mendan boshqa kompyuter o‘yinlari xonalarining hech birida kassa apparat yo‘qligi, hatto ayrimlarining hujjati ham yo‘qligi»ni aytib nega ularni tekshirmasliklarini so‘raganimda, «ular bilan ishing bo‘lmasin», deyishdi.
Men ularga yosh oila ekanligimni, ota-onam II guruh nogironi ekanligini aytib, oilaviy sharoitimni tushuntirdim, lekin meni jyerkib tashlashdi.
Ertasiga soliqchi Nurbek aka (Turopov) kelib, kassa apparatni tekshirib, avvaliga «EKIHning 30 baravari miqdorida jarimaga tortilasan», dedi. Keyin esa uning o‘rniga «bir tonna metallom to‘plab bersam» qutulishim mumkinligini aytdi. Shunda opam yig‘lab yolvorib, bu talabni bekor qildirdi.
2019 yil 16 fevral kuni ham soliqchilar kelishib, hujjatlarni so‘rashdi. Men ularga hujjatlarni opam Qarshi shahriga — ijara shartnomasini yangilash uchun olib ketganini aytdim. Akmal aka «hujjatlar yo‘qligi, har bir kompyuter uchun soliq to‘lamasligim uchun jarimaga tortilishim»ni aytdi.
Sizlardan iltimosim shuki, men qonuniy ishlashga qarshi emasman, lekin hamma teng bo‘lishi kerak, atrofimdagi menga o‘xshagan internet kafe ishlatadigan tadbirkorlar haligacha kassa apparati qo‘ymagan va ularga tekshiruvchilar umuman kelishmaydi, lekin menga o‘xshagan tanishi yo‘q tadbirkorlarni soliqchilar doim qiynashadi.
Nishon tumani soliq idorasini oldidagi kompyuterxonaga borib ko‘rgandim, ularda ham kassa apparati yo‘q. Nega qonun talabini barchadan barobar so‘rashmaydi, men shundan xafaman. Iltimos, menga amaliy yordam bering. Sizlarga oldindan rahmat!».

























