Jamiyat | 10:09 / 12.03.2019
25495
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatida oshxonaga tarqatilgan tovuq go‘shtida 157 turdagi mikrob va bakteriyalar aniqlandi

Illyustrativ foto/RIA Novosti

Oqdaryo tumanining "Ulug‘bek" MFYda istiqomat qiluvchi U.O. tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni maqsad qildi, deb yozmoqda Zarnews. 

Qayd etilishicha, ruxsatnomasiz faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkor Urgut tumanidan parranda go‘shti keltirib, tuman markazidagi umumiy ovqatlanish shoxobchalariga tarqatish bilan shug‘ullangan. 

Joriy yilning 22 fevral kuni u Loyish shahridagi kafega bir necha qutida (bir qutida 18-20 ta) tovuq go‘shti olib kelgan. Mahsulotning sifatidan shubhalangan kafe xodimlari uni olishdan bosh tortgach, U.O. go‘shtni shaharchadagi boshqa oshxonaga keltirgan.  Bu yerda ham yuqoridagidek holat takrorlangan. 

Oshxona bekasi tovuq go‘shtini ko‘rib, iste'molga yaroqsizligini darhol anglaydi. Orada kelishmovchilik kelib chiqadi. Natijada ayol Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Samarqand viloyat hududiy birlashmasining Oqdaryo tuman jamiyatiga shikoyat arizasi bilan  murojaat qilgan.

Murojaat tuman DSENM, VSE laboratoriya hamda IHHQX tuman jamiyati mutasaddilari ishtirokida o‘rganilgan. Parranda go‘shti laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganda, unda inson salomatligiga zarar yetkazuvchi 157 turdagi mikrob va bakteriyalar aniqlangan. 

Bildirilishicha, tarqatilgan parranda go‘shti zudlik bilan tegishli tartibda yo‘q qilingan. Tadbirkorga chora ko‘rilishi uchun hujjatlar tayyorlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilgan.

Mavzuga oid