O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Ijro tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini so‘zsiz va o‘z vaqtida ijro etishni ta'minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilish hamda ijro ishi yurituvida sansalorlikka chek qo‘yish maqsadida Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va Advokatlar palatasining 2019 yil 1 apreldan boshlab sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga mediatsiya institutini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinmoqda va u quyidagilarni nazarda tutadi:

·       sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayonida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish undiruvchining arizasi bo‘yicha 15 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga ijro ishi yuritishni to‘xtatib turish uchun asos hisoblanadi;

·       tomonlar o‘rtasida ijro predmetiga doir kelishuvga kelmaslik, shuningdek, tomonlardan birining mediatsiyani davom ettirishdan voz kechishi yoki uni amalga oshirish muddatining tugashi ijro ishi yuritishni qaytadan tiklash uchun asos hisoblanadi. Bunda mediatsiya tartib-taomilini takroran amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

·       tomonlar o‘rtasida ijro ishining har qanday bosqichida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijalari bo‘yicha ijro predmetiga doir kelishuv rasmiylashtirilgan hollarda davlat ijrochisi ijro ishi yuritishni tugatadi;

·       mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish jarayoniga davlat ijrochisi va davlatning boshqa organlari vakillarining aralashuvi taqiqlanadi.

Belgilanayotgan yangi tartibga ko‘ra, 2019 yil 1 iyundan boshlab:

·       ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masala ijro hujjati kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida hal etiladi;

·       ijro harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, mazkur harakatlar qarzdorning arizasiga yoki davlat ijrochisining o‘z tashabbusiga ko‘ra ko‘pi bilan ikki marta kechiktiriladi;