O‘zbekiston | 16:02 / 13.03.2019
27112
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston aeroportlari Boeing 737 Max samolyotlari uchun yopilmoqda

13 mart kunidan O‘zbekiston hududidagi aeroportlar Boeing 737 Max 8 va 737 Max 9 tipidagi havo laynerlarini qabul qilmaydi. Bu haqida telegramdagi AviaSpotter kanali xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi parvozlar xavfsizligini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi ma'lumotiga ko‘ra, Boeing 737 Max 8 va 9 rusumidagi samolyotlarning O‘zbekiston hududidagi parvozlari vaqtincha to‘xtatilgan. Ushbu rusumdagi samolyotlarning O‘zbekiston bo‘ylab parvozlari butunlay to‘xtatilishi bo‘yicha uzil-kesil qaror qabul qilish borasida tahlil va tekshiruv jarayoni ketmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 10 mart kuni Efiopiyada Boeing 737 Max 8 samolyoti halokatidan so‘ng o‘nta mamlakatdagi aviakompaniyalar ushbu turdagi samolyotlar xizmatidan voz kechdi. Xususan, Braziliya, Argentina, Xitoy, Singapur va Janubiy Koreyada Boeing 737 Max 8’dan foydalanish to‘xtatildi.

Ko‘p o‘tmasdan, Yevropa Ittifoqining Aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha agentligi (EASA), Hindiston va Rossiyaning S7 aviakompaniyasi ham Boeing 737 Max samolyotlari parvozlarini to‘xtatdi.

Bundan oldinroq FlyDubai aviakompaniyasi ham Toshkent-Dubay, Dubay-Toshkent yo‘nalishlaridagi parvozlarda ushbu rusumdagi samolyotlardan foydalanishni to‘xtatgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Dunyo bo‘yicha AQShning American Airlines, Southwest Airlines va Kanadaning Air Canada, WestJet aviakompaniyalari  Boeing 737 Max samolyotlaridan foydalanishda davom etmoqda.

AQSh Federal aviatsiya boshqarmasining (FAA) ma'lum qilishicha, senatorlar va kasaba uyushmalari tomonidan ortib borayotgan e'tirozga qaramay Boeing 737 Max avialaynerlari parvozi davom etadi.

Ma'lumot uchun, dunyo bo‘ylab Boeing 737 Max oilasiga mansub samolyotlar parvozi to‘xtatilishi va qabul qilinmayotganiga ushbu rusumdagi samolyotlar ishtirokida ketma-ket halokatlar ro‘y bergani sabab bo‘ldi.

10 mart kuni Ethiopian Airlines aviakompaniyasining Efiopiya poytaxti Addis-Abebadan Keniya poytaxti Nayrobi tomon uchgan Boeing 737 Max 8 samolyoti Efiopiya poytaxtidan 60 km sharqda halokatga uchradi. Aviahalokatda 35 davlatning 157 fuqarosi halok bo‘lgan.

2018 yilning 29 oktabr kuni Lion Air kompaniyasiga tegishli Boeing 737 Max 8 samolyoti Jakartadan parvoz qilib, Yava dengiziga qulagandi. Buning oqibatida bortdagi 189 kishi halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid