O‘zbekistonda 3 mingga yaqin bemor buyrak yetishmovchiligi yuzasidan gemodializ muolajasiga ehtiyoj sezadi.  Butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham turli omillar (asosan surunkali xastaliklar) ta'sirida buyrak yetishmovchiligi bilan og‘riganlar soni ko‘payib, gemodializ muolajasiga talab ortib bormoqda. Bu esa nefrologiya sohasiga jiddiy e'tibor qaratish kerakligini taqozo etadi. 

«Gemodializ xizmati sifatining yaxshilanishi bilan, bemorlar umri oshishi hisobiga ularning soni ham ortib boradi. Chunki bu bemorlar rejali ravishda doimiy gemodializ muolajasini olib turishlari shart. Qachonki, tibbiy ko‘rsatkichlari belgilangan me'yorlarga to‘g‘ri kelib, buyrak ko‘chirish operatsiyasi bajarilsa, bemor muolajadan chiqib ketadi», — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ul xodimi Soyibjon Bozaripov. 

Mutaxassisga ko‘ra, bu borada tirik qarindoshlardan buyrak ko‘chirish operatsiyasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2018 yilning o‘zida 109 nafar bemorda transplantatsiyasi bajarilgan. 2019 yilning o‘tgan davrida esa 30dan oshiq bemorda ushbu operatsiya o‘tkazilgan. 

«Ushbu amaliyotdan keyin bemorlar doimiy ichib yuradigan dorilari ham 100 foiz davlat budjetidan qoplanadi», — deya qo‘shimcha qiladi u. 

2018 yil 12 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga muvofiq 2018 yil sentabr oyiga qadar «O‘zbekiston dializ jamiyati» tuzilishi belgilangan edi. 

Vazirlik matbuot xizmatining ma'lumot berishicha, 30 oktabr kuni «O‘zbekiston gemodializ jamiyati» tashkil etilgan va o‘rnatilgan tartibda Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 

«O‘zbekiston gemodializ jamiyati»ning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan: 

– bemorlar huquqlarini himoya qilish, ularga ijtimoiy yordam berish va hayot sifatini oshirish;

– sohaga zamonaviy texnologiyalarni olib kirish;

– davolash va tashxis bo‘yicha yangi usullarni joriy etish;

– surunkali buyrak kasalliklar statistik bazasini yaratishda qatnashish;

– soha mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirishda faol qatnashish;