Jamiyat | 18:24 / 26.03.2019
2616
3 daqiqa o‘qiladi

IUT'da "Ilm-fan va texnologiyalarda ayollar" tadbiri o‘tkazildi

26 mart kuni Toshkentdagi Inxa Universitetida Markaziy Osiyo haftaligi doirasida "Ilm-fan va texnologiyalarda ayollar" tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Kremniy vodiysi va Buyuk Britaniya kompaniyalari, Markaziy Osiyoning to‘rt mamlakatida faoliyat yurituvchi investorlari, ishbilarmonlari, olimlari, ekspertlari ishtirok etishdi. Universitet matbuot xizmati Kun.uz'ga shu haqida xabar berdi.

Foto: Inxa Universiteti

Tadbirning asosiy maqsad va vazifalari quyidagilar:

  • O‘zbekistonlik qiz va ayollarni innovatsion kasblarga, ijtimoiy va biznes-loyihalarga bo‘lgan qiziqishini oshirish;
  • Markaziy Osiyodagi hamkasblar bilan tajriba almashish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash;
  • Qoraqalpog‘istonda ekologiya va barqaror rivojlanish muammolariga e'tibor.

Tantanali marosimda Innovatsion rivojlanish vaziri birinchi o‘rinbosari Sharofiddin Rajabboyev, Toshkentdagi Inxa Universiteti rektori v.b. Muzaffar Jalolov, Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer va TechWomen dasturi direktori Jillian Skott ishtirok etdi.

Foto: Inxa Universiteti

Seminarlar parallel rejimda turli auditoriyalarda o‘tdi, tinglovchilar o‘zlari uchun qiziqarli bo‘lgan sessiyalarni tanlash imkoniga ega bo‘lishdi. Konferensiya ingliz tilida (sinxron tarjima bilan) o‘tdi, sessiyaning bir qismi rus tilida o‘tkazildi.

Ta'kidlash joizki, muhokamadagi mavzular orasida investitsiyalar, IT, sun'iy intellekt, startaplar ilm-fanda, dizayn-fikrlash, "yashil" biznes, ijtimoiy rivojlanish, texnologik trendlar va kelajak kasblari, barqaror rivojlanish, startaplar va iqlimning o‘zigarishi, "yashil" texnologiyalarda karera imkoniyatlari kabilar bo‘ldi.

Foto: Inxa Universiteti

Ishtirokchilar oldida Google, Symantec, Apple, Zenefits, LinkedIn, Mozilla Corp, GoDaddy, Northgate Environmental Management, Lockheed Martin, Salesforce, Juniper Networks, Silicon Valley Social Ventures, Fast Forward, Unity Technologies kabi kompaniyalar vakillari chiqish qilishdi.

Mavzuga oid