Rossiyaning «MIFI» (Moskovskiy injyenerno-fizicheskiy institut - Moskva muhandislik-fizika instituti) milliy tadqiqot yadroviy universiteti (MTYaU) Toshkentdagi filialiga ilk abituriyentlarni qabul qilishga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda. Oliy ta'lim muassasasasi (OTM)ga qabul kampaniyasi shu yilning iyun oyidan boshlanadi, deya xabar berdi Kun.uz muxbiri «MIFI» MTYaU filiali rahbari Alisher Sanetullayevdan olingan ma'lumotlarga asoslanib.
"Hozirda «MIFI» MTYaU filiali ochilishiga tayyorgarlik ishlari bir necha yo‘nalish bo‘yicha faol ketmoqda: bu filialning ta'lim faoliyatini "Rosobrnadzor" (Rossiyaning ilm-fan va ta'lim sohasini nazorat qiluvchi Federal xizmat)da lizenziyalash, davlat budjetidan moliyaviy vositalarni olish, ma'muriy personal hamda professor-o‘qituvchilarni to‘plash. Bundan tashqari, bosh OTM bilan birga filialda qabul kampaniyasini yo‘lga qo‘yishga doir detallar ustida ish olib borayapmiz, bu iyun-iyul oylariga mo‘ljallangan", - deya ma'lum qiladi Alisher Sanetullayev.
«MIFI» MTYaU filialiga abituriyentlar fizika, matematika va rus tili bo‘yicha imtihonlar natijalariga ko‘ra saralanadi. Eng ko‘p ball to‘plagan 100 nafar abituriyent o‘qishga qabul qilinib, davlat granti asosida bepul ta'lim olishi mumkin bo‘ladi. Qabulning qadamma-qadam algoritmi yaqin orada «MIFI» MTYaU filiali saytida taqdim etiladi.
Joriy yilda saralov faqat bakalavr dasturlariga to‘rt ixtisoslik bo‘yicha o‘tkaziladi:
· Yadroviy energetika va issiqlik fizikasi;
· Yadroviy fizika va texnologiyalar;
· Issiqlik energetikasi va issiqlik texnikasi;
· Elektr energiyasi va elektr texnikasi.
OTM talabalari xalqaro standartlarga muvofiq yadroviy energetika va issiqlik fizikasi bo‘yicha muhandislik-texnik mutaxassisliklariga o‘qitiladi.
"Biz asosiy e'tiborni O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilayotgan AES uchun kadrlar tayyorlashga qaratamiz. Shunga qaramay, olingan bilim va ko‘nikmalar bitiruvchilarga aralash yuqori texnologik sohalarda o‘z o‘rinlarini topish imkonini beradi. «MIFI» MTYaU xalqaro darajadagi universitet maqomiga ega bo‘lib, nafaqat yadroviy texnologiyalar sohasida, balki boshqa ilmiy sohalarda ham xalqaro standartlar talabiga javob beruvchi yuqori toifali mutaxassislarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi", - dedi Alisher Sanetullayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha yildan keyin, ilk yadroviy mutaxassis bitiruvchilari chiqarilayotganda filialda magistratura dasturi ochilishi mumkin. Hozircha O‘zbekistondagi OTM bitiruvchilari magistratura dasturi bo‘yicha faqat Moskvadagi bosh bo‘limda ta'lim olishi mumkin.















