“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi doirasida O‘zmilliybank mahalliy va xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘idan kelib chiqqan holda, O‘zmilliybank investitsiya faoliyatini kuchaytirishga yo‘naltirilgan o‘z “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqdi. 

Belgilangan chora-tadbirlarga muvofiq, Navro‘z bayramini nishonlash kunlarida O‘zmilliybankning Chilonzor tumanidagi yangilangan ko‘rinishdagi “Sayohat” filialining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Endilikda bu yerda bino butunlay boshqacha dizaynga ega bo‘lib, mijozlar uchun qo‘shimcha barcha qulayliklar yaratilgan. Ular qatorida “yagona darcha”, “universal menejyer” xizmatlari, elektron navbat va boshqalarni ko‘rish mumkin.

Foto: O‘zbekiston milliy banki

Binoning ichki qismi yangi uslubda jihozlangan. Asosiy ranglar – oq, ko‘k va feruza ranglar. Mijozlarni qabul qilish zalida istalgan masala bo‘yicha yordam beruvchi ikki xodim kutib oladi. Filial ikkita xizmat ko‘rsatish zonasiga ajratilgan: o‘ng tomon – jismoniy shaxslar, chap tomon esa – yuridik shaxslar uchun mo‘ljallangan.

Shuningdek, kutish zali ham mavjud. Yana bir qulaylik – barcha xizmat turlarini yagona darchada olish mumkin. Ikkinchi qavatda Investorlarni qo‘llab-quvvatlash markazi joylashgan. Uning asosiy vazifasi – biznesni boshlash uchun axborot to‘plash, tarkibiy va boshqa infratuzilmalarni rivojlantirishga ko‘maklashish orqali Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlik sub'yektlari uchun xizmat sifatini tubdan oshirish hisoblanadi.

– “Bizning filialda elektron navbat, resepshn va 24/7 qulay ofislar joriy etilgan, yuridik va jismoniy shaxslar uchun alohida zonalar yaratilgan. Bundan tashqari, endi universal menejyer xizmati mavjud: mijoz bir menejyerga murojaat qiladi va u bank operatsiyalari bo‘yicha mijozga barcha kerakli ko‘rsatmalarni taqdim etadi”, - deya qayd etdi O‘zmilliybank “Sayohat” filiali boshqaruvchisi Sherdor Mamayusupov.

– “Men besh yildan buyon bankning mijozi hisoblanaman. Bank xodimlari doimo hushmuomala. Qulayliklarga keladigan bo‘lsak, avvallari menga qavatma-qavat yurish qiyinchilik tug‘dirar edi. Hozir barchasi yaqinda va ko‘p vaqt sarflashga hojat yo‘q”, - dedi mazkur filial mijozi Hadicha Qurbonova.

– “Biz O‘zmilliybank xizmatidan 20 yildan beri foydalanib kelamiz. Bank ayniqsa, so‘nggi 3 yil ichida juda yaxshi rivojlanmoqda. Menda hech qachon naqd va plastik karta bilan bog‘liq operatsiyalar bo‘yicha muammolar bo‘lmagan. Elektron navbat xizmati juda qulay: raqam olib, navbatingiz kelgunicha o‘z ishlaringiz bilan shug‘ullanishingiz mumkin. “Jonli” navbatni kutishga hojat yo‘q. Biz Yevropa standartlari tomon ildam bormoqdamiz va bu juda ajoyib”, - dedi filial mijozi Qahramon Yusupov.