O‘zbekiston | 11:54 / 31.03.2019
5453
2 daqiqa o‘qiladi

Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya Bryusselda bola mehnatidan foydalanishni tugatish masalasini muhokama etadi

2019 yilning 1-3 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Tanzila Norboyeva, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev hamda «O‘zto‘qimachiliksanoat», «O‘zbekiston ipagi» uyushmalari va Kasaba uyushmalari Federatsiyasi rahbarlaridan iborat Hukumat delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Yevropa Ittifoqi poytaxtida bo‘ladi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi missiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, majburiy mehnatga barham berish masalalariga mas'ul vakillar Bryussel shahrida «O‘zbekiston paxta terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga qanday barham bermoqda» mavzusidagi munozara forumida ishtirok etadi. 

Mazkur tadbir Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki, O‘zbekiston, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Shveytsariya Elchixonalari tomonidan tashkillashtirilmoqda. Forum ishida Yevropa komissiyasi, xalqaro nohukumat tashkilotlar vakillari, mehnat va huquqni himoya qilish masalalari bilan shug‘ullanuvchi nohukumat tashkilotlar, paxta ishlab chiqarishda bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi bo‘lgan kompaniyalar ishtirok etadi.

Tashrif dasturidan Yevropa Ittifoqi, Belgiya Qirolligi, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar, Yevropaning yirik ishlab chiqaruvchilari, riteylorlari va kasaba uyushmalari birlashmalari hamda yetakchi Yevropa brendlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘rin olgan.

Hukumat delegatsiyasi Kasaba uyushmalari xalqaro konfederatsiyasi bosh kotibi Sharan Barrou, Human Righs Watch xalqaro nohukumat tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar vakillari bilan ham muzokaralar olib boradi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid