Ko‘pchilik, ayniqsa, ilm sohasidalar mamlakatimizda ilm-fan borasida olib borilayotgan islohotlardan yaxshi xabardor. Har qanday sohada bo‘lganidek, tizimning rivoji avvalo undagi mutaxassislarga bevosita bog‘liq. Ilm-fan sohasida ilmiy darajaga ega bo‘lgan kadrlar muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun fikrimni aynan ilmiy daraja berish tizimidan boshlasam.

Mamlakatimizdagi ilmiy daraja berish tizimi 2012 va 2017 yillarda keskin o‘zgartirildi. Ikkala holda ham o‘zgarishlar koordinatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasi (OAK) tomonidan amalga oshirildi. Yaqin orada OAK faoliyatiga o‘zgartirish kiritish imkonini beruvchi qaror loyihasi omma e'tiboriga havola etildi.

Amaldagi tizim haqida

Amaldagi ilmiy daraja berishning ikki tabaqali tizimi sobiq ittifoq davrida va mustaqil bo‘lganimizdan to 2012 yilning iyuliga qadar (ozgina o‘zgartirish bilan) amal qilgan tizim bilan deyarli bir xil. Hozirgisida talablar birmuncha kuchaytirilgan, nomlar yevropalashtirilgan, xolos. Tan olib aytish kerakki, shu holida ham 2012-2017 yilda amal qilgan bir tabaqali tizimdan ko‘p tomonlama yaxshi. Lekin bu 5 yil amal qilgan bir tabaqali tizimning mamlakatimiz ilm-fan rivojiga ko‘rsatgan katta salbiy oqibati sababligina undan yaxshiroq ko‘rinadi. Mazkur tizim afzalliklari haqida uning tarafdorlari yozgani ma'qul. Men uning salbiy jihatlariga to‘xtalmoqchiman.

Birinchidan, ikki tabaqali tizim dunyo davlatlarining kam sonli qismida amal qiladi, aksariyati sobiq ittifoq tarkibidagi mamlakatlar. Demak, bizning rivojlangan davlatlar tizimiga integratsiyalashishimiz uchun yana bir keraksiz to‘siq. Bizda beriladigan «Fan doktori» (Doctor of Science) ilmiy darajasi bilan chet elda professor lavozimini egallay olmaysiz. Ularda buning uchun boshqacha talablar bor. Bu ilmiy darajamiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadigan mamlakatlar sanoqli bo‘lib (aytaylik, Rossiya), bizning olimlarimizda u mamlakatlarga borib ishlash istagi va talabi ko‘p emas.

Ikkinchidan, tadqiqotchi fan doktori ilmiy darajasini olish uchun ma'lum bir mavzu ostida birlashtirish mumkin bo‘lgan tadqiqotlar olib borishga majbur bo‘ladi. Bu esa uni yangi yo‘nalishlarni o‘rganishi borasidagi harakatlarini cheklaydi. Ilmda yangi yo‘nalishda qisqa muddatda muvaffaqiyat qozonib, yaxshi ilmiy natijalar olish oson emas. Boz ustiga, ko‘zlayotganimiz ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga ham aks ta'sir etadi. Xalqaro miqyosdagi ilmiy hamkorlik, fanlar kesimidagi qo‘shma ilmiy loyihalar yoki bevosita olingan ilmiy natijalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish borasidagi amaliy loyihalarga qiziqishni kamaytiradi. «Fan doktori» ilmiy darajasiga qo‘yilgan yuqori talablar shuni taqozo qiladi.