13:52 / 09.04.2019
5339

«O‘zbekiston pochtasi» Italiya kompaniyasi yordamida «gibrid pochta»ni joriy etmoqchi

Foto: pochta.uz

«O‘zbekiston pochtasi» AJda Italiyaning DoxeeSpA kompaniyasi bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Undan ko‘zlangan maqsad xorijiy investitsiyalar va innovatsion texnologiyalarni jalb etgan holda O‘zbekiston pochta infratuzilmasini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish masalalarini muhokama qilish edi, deyiladi «O‘zbekiston pochtasi» saytida.

Muzokarada «O‘zbekiston pochtasi» AJ va DoxeeSpA kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, «gibrid pochta» va boshqa elektron xizmatlar texnologiyalarini joriy etish orqali pochta xizmatlarini modernizatsiya qilish yuzasidan atroflicha fikr almashilgan.

Uchrashuvda DoxeeSpA vakillari O‘zbekiston pochtasi faoliyati samaradorligini oshirishda yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirishgan. Birinchi qadam sifatida, DoxeeSpA dasturiy platformasidan foydalanib, «gibrid pochta» xizmatlarini tubdan kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etildi.

«O‘zbekiston pochtasi» AJ mutaxassislari uchun ushbu platformaning slayd-shou shaklida tashkil etilgan taqdimoti «gibrid pochta» xizmatlarini taqdim etishning muhimligi ta'kidlash bilan cheklanib qolmay, balki yangi avlod elektron xizmatlarining ko‘plab zamonaviy turlari mavjudligini ham aniq namoyon etdi. 

Bu raqamli texnologiyaga faol o‘tish bo‘lib, qog‘oz shaklida jo‘natmalarni yetkazib berishga asoslangan «gibrid pochta»ning odatiy chegaralarini kengaytirishga va hujjatning o‘zini elektron shaklda yaratishga, uni qayta ishlashga va undan interaktiv, shu jumladan dunyoda birinchi marta video hujjat shaklda, foydalanishga imkoniyat yaratadi. 

Doxee dasturiy platformasining afzalligi shundaki, u pochta orqali hujjatlarni yetkazib berish uchun turli xil variantlardan foydalanish imkonini beradi: qog‘oz shakldan elektronga, qog‘ozdan - qog‘ozga, elektrondan - qog‘ozga, elektrondan elektron shaklga. Platformaning texnik imkoniyatlari yordamida pochta operatori nafaqat, avvalgidek, jo‘natuvchi va qabul qiluvchining o‘rtasidagi yozishmalarning uzatuvchisi rolini bajaribgina qolmay, balki mijozga zarur hujjatlarni ishlab chiqarishda ham ishtirok etishi uchun sharoitlar yaratiladi.

Foto: pochta.uz

DoxeeSpA kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar «O‘zbekiston pochtasi» AJda DoxeeSpA «gibrid pochta» tizimini joriy etish masalasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi bilan yakunlangan.

Top