Chempionlar ligasining hal qiluvchi o‘yinlari yaqinlashib, “Yuventus” Krishtianu Ronaldudan ehtiyotkorlik bilan foydalana boshlagan va A Seriya o‘yinlarida aralash tarkiblarni tushirayotgan bir paytda Moyze Kin chaqnadi. Uni italiyalik yoki turinlik muxlislar juda yaxshi taniydilar, ammo biz uchun 19 yoshli hujumchi syurpriz bo‘ldi.

Albatta, o‘zi maydonga tushgan har bir o‘yinda maydonni golsiz tark etmay, Ronaldusiz ham “Yuventus”ni chempionlik tomon qadam tashlab borishiga bu qadar hissa qo‘shishini klubda ham kutmagan bo‘lishsa kerak. Endi Allegriga bu javohirni yashirib yurish oson bo‘lmaydi. E'tiboringizga spors.ru saytida e'lon qilingan maqolani havola qilamiz. Bu yerda Moyze Kin haqida ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lishingiz mumkin. 

U 2000 yilning 28 fevralida Italiyada, Verchelli protsivinsiyasida dunyoga kelgan. Moyze Kin aslida “Yuventus”da emas, “Inter”da paydo bo‘lishi mumkin edi.

Yaqinda Moyzening otasi Biru Jan Kin Italiya radiolaridan biriga bergan intervyusida o‘g‘li bolaligida “neradzurri”ga muxlis bo‘lgani, o‘yinlarni qoldirmay tomosha qilib, klub libosini olib berishni iltimos qilgani, kelajakda “Inter”da o‘ynash orzusi bo‘lgani haqida aytib berdi. Ammo turinliklar muxlisi bo‘lgan ota o‘g‘lini “Yuventus” akademiyasiga yetaklab keladi. 

Bunday hikoyalarning ko‘pi yolg‘on bo‘lishi ham mumkin. Kinning otasi shunaqaroq, tinmasdan ommaga jar solib, Italiya fuqaroligini olishga urinadi va shu bilan birgalikda immigrantlar sonini kamaytirish haqida bong uradi. Bir paytlar Biru oilasini pulsiz tashlab ketgan, aliment to‘lamagan, faqat Moyze Kindan kelajakda katta futbolchi chiqishi aniq bo‘lib borgan paytlarda yana paydo bo‘ldi. Endi esa, janob Biru “Yuventus”dan fermasida ishlatish uchun traktor so‘raydimi-yey, o‘g‘lini yetti yildan beri ko‘ra olmayotganidan shikoyat qiladimi-yey...

Moyze bu borada ko‘p asabiylashadi va tan olishga to‘g‘ri kelganida, barchasi uchun faqat onasidan minnatdor ekanini yashirmaydi. Onasi dam olish kunlarisiz mehnat qilishiga to‘g‘ri kelar, o‘g‘illarini mashg‘ulotlarga o‘zi olib borar va kerak bo‘lganda ular bilan futbol ham o‘ynardi. Ba'zida besh yoshli Moyzeni tashlab ketish uchun joy topilmas, shuning uchun akasi Jovanni (12-13 yoshlarda) uni o‘zi bilan birga “Asti” akademiyasiga, o‘z mashg‘ulotlariga olib ketishiga to‘g‘ri kelardi. U yerda Moyze kattalar bilan futbol o‘ynashni juda xohlar, ammo doimo rad javobini olardi. Shunday bo‘lsa-da, uni yupatish uchun to‘p berib qo‘yishar, besh yoshli Moyze o‘sha paytlardanoq soatlab turli fintlar va zarbalarni o‘rganishni boshlagandi.