Maqolani o‘zimning o‘ta shaxsiy fikrim bilan boshlamoqchiman: rahbarlarning og‘zaki buyruqlari yozma qonunlardan ustun bo‘lgan jamiyatda rivojlanish bo‘lmaydi. IMXO.

KIRISh

Aholining huquqiy ongi haqida ko‘p gapiriladi. Nimaga? Chunki amaliyotda barcha ijrochilar ham qonun-qoidalarni yaxshi bilmasligi yoki bila turib amal qilmasligi mumkin. Mana shunday paytlarda huquqiy ongi yuqori bo‘lgan insonlar orqali bu kabi boshboshdoqliklarga chek qo‘yiladi.

Huquqiy ongi yuqori inson deganda, albatta yuristlar yoki huquqiy ma'lumotga ega boshqa fuqarolar tushunilmaydi. Shunchaki o‘z haqqini talab qilishni bilgan, bundan uyalmaydigan, aksincha o‘z huquqi uchun qonuniy usullarni qo‘llashga tayyor bo‘lgan shaxslar tushuniladi.

Masalan, bir davlat idorasiga bordingiz va qonuniy huquqingizni talab qildingiz. Lekin davlat idorasi xodimi «Buni qilib bera olmayman, tepadan og‘zaki topshiriq bo‘lgan», deya javob berdi. Xo‘sh, Siz shunday vaziyatda nima qilasiz? Jimgina qaytib ketsangiz, unda Sizning huquqiy ongingiz yetarli deyishga ikkilanamiz. Chunki aslida qonuniy huquqlari asossiz rad etilgan fuqarolar kamida bunga izoh talab qilishlari shart. Savol berishni o‘rganishimiz kerak: Nimaga qilib bera olmaysiz? Kim topshiriq berdi? Nima asosga ko‘ra topshiriq beradi? Bunaqa topshiriq berishga haqqi bormi? va h.k.

Bu eng sodda usuli. Ushbu maqolada davlat organlari “yuqoridan” beriladigan og‘zaki topshiriqlar tufayli qonunda belgilangan MAJBURIYaTINI bajarishni rad qilsa, qonun doirasida qanday yo‘l tutish kerakligi haqida ma'lumot beramiz.

Garchi quyida keltiradigan misollarimiz propiska haqida bo‘lsa ham, lekin unda berilayotgan taklif va maslahatlarni istalgan shunga o‘xshash vaziyatda bemalol qo‘llash mumkin. Qaysi masala, qaysi soha bo‘lmasin, noqonuniy qarorlarga qarshi ana shunday kurashsak, bu eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lar edi. Qani, ketdik bo‘lmasa.

MUAMMO NIMADA?

Toshkentda propiskasi bo‘lmagan shaxslar ham istalgan narxdagi yangi uylardan birini sotib olsa (EKIH 2500 baravari degan cheklov bekor bo‘lgan), 1-band bo‘yicha propiskaga kirishi belgilangandan so‘ng, shu mavzuga bag‘ishlab «Propiska bo‘yicha layfxak» degan maqola yozgan edim.

O‘sha maqolada yangi uylarni bir kishi emas, bir necha kishi pul qo‘shib, sotib olsa ham, o‘sha bir necha kishining barchasi 1-band bilan propiskaga kirish huquqiga egaligi to‘g‘risida ma'lumot bergandim.